8 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkent shahri va Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan muhim ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy yo`nalishdagi loyihalar bilan tanishdi.
Muhokama jarayonida Shavkat Mirziyoev Navro`z bayramining xalqimiz hayotidagi beqiyos o`rni va ahamiyatini inobatga olib, Toshkent shahrida “Navro`z” madaniyat va istirohat bog`ini barpo etish tashabbusini o`rtaga tashladi.
“Dunyoda o`xshashi bo`lmagan “Navro`z” bog`ini ochiq osmon ostidagi muzey shaklida tashkil etish har tomonlama maqsadga muvofiqdir”, deydi Shavkat Mirziyoev.
Bunday bog`ni bunyod etishda xalqimizning qadimiy bog`dorchilik an`analari, jumladan Sohibqiron Amir Temur va Temuriylar davrida barpo etilgan bog`lar, shu bilan birga bu boradagi dunyo tajribasi xususan etnoparklar yaratish usulidan samarali foydalanish zarur deydi Prezident.
Shu munosabat bilan mamlakat rahbari tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga, tarixchi olimlar, adib va shoirlar, madaniyat va san`at sohasi vakillariga Navro`z ayyomining ilmiy asoslarini chuqur o`rgangan holda “Navro`z” madaniyat va istirohat bog`ining umumiy konsepsiyasini ishlab chiqish va taqdim etish bo`ytcha topshiriq berdi.