Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashining o`n oltinchi sessiyasida “O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 yanvardagi “O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to`g`risida”gi PQ-2744- sonli qarori ijrosini ta`minlash masalasi muhokama etildi, deb yozadi “Namnews” nashri.
Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 25 yanvardagi “O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to`g`risida”gi qarorini namanganliklar ham katta mamnuniyat bilan kutib oldilar. Ayniqsa, ushbu qarorda Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi markaziy ko`chalarga Islom Karimov nomini berish haqidagi taklifni kattayu - kichik barcha yakdillik bilan qo`llab-quvvatladi. Viloyat va shahar hokimligi rahbarligida ushbu taklif atroflicha o`rganib chiqildi. Jamoatchilik vakillari, turli kasb egalari Namangan shahrining “Do`stlik” shoh ko`chasini Islom Karimov nomi bilan atash yuzasidan o`z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Deputatlardan Feruza Jalolova, Ilhom Otaboev, Qosim To`raxonov, Avazxon Inomovlar O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining buyuk xizmatlarini e`tirof etgan holda Namangan shahridagi “Do`stlik” shoh ko`chasiga Islom Karimov nomini berish haqidagi taklifni qo`llab-quvvatladilar.
Sessiyada Namangan shahrining “Do`stlik” shoh ko`chasiga Islom Karimov nomini berish to`g`risida qaror qabul qilindi. Ayni kunlarda ko`chaning nomini o`zgartirish bilan bog`liq bo`lgan barcha tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda.