13-14 aprel kunlari poytaxtimizda “Hordiq-2017” Beshinchi Xalqaro O`zbek turizm ko`rgazmasi bo`lib o`tmoqda.
O`zbekiston Respullikasi Turizmni rivojlantirish Davlat qo`mitasi tashabbusi bilan o`tkazilayotgan ushbu nufuzli anjumanda tegishli idora va muassasalar mamlakatimizdagi va xorijiy davlatlardagi yirik turistik tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Ma`lumki, O`zbekiston o`zining turistik salohiyati, ming-ming yillik tarixga ega qadimiy shoharlari, betakror tarixiy obidalari, xalq amaliy san`ati, milliy hunarmandchiligi, umrboqiy qadriyatlari bilan etti iqlimdan sayyohlarni o`ziga jalb etib keladi. Ayni paytda hukumatimiz tomonidan turizmni rivojlantirish, mamlakatimizning sayyohlik borasidagi salohiyatini yuksaltirishga katta e`tibor qaratilmoqda. Mazkur anjuman ham ana shu maqsadda o`tkazilmoqda.
“O`zekspomarkaz” ko`rgazmalar majmuasida mamlakatimizning har bir huduli uchun alohida pavilonlar tashkil etilgan bo`lib, ularda shu hududga xos kiyim-kechaklar, milliy hunarmandchilik mahsulotlari, sayyohlar uchun esdalik sovg`alar namoyish etilmoqda. Tadbir ishtirokchilari joylarda mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun mavjud qulayliklar, mehmonxonalar, servis va xizmat ko`rsatish shoxobchalari haqida ham ma`lumotga ega bo`lishmoqda.
Shuningdek anjuman doirasida Ozarboyjon, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Misr, Italiya, Isroil, Kuvayt, Turkiya, Xitoy, Qozog`iston, Qirg`iziston singari mamlakatlardan yirik turistik kompaniyalar ishtirok etishmoqda.
“Hordiq-2017” doirasida Tashkent Food festivali ham o`tkazildi. Unda poytaxtimiz hada viloyatlardagi restoran va kafelar ham o`z taomlari bilan ishtirok etishdi. Tadbir ishtirokichlari va mehmonlari Vatanimizning turistik salohiyati, go`zal va betakror shaharlarimizning tarovati, milliy liboslarimiz, hunarmandchiligimizning o`ziga xos qirralari, o`zbek oshxonasining eng sara taomlari lazzatidan baharmand bo`lishmoqda.






