AsosiyJamiyat

​Prezident Farmoni bilan O`zbekistonda yana bir vazirlik qayta tashkil qilindi

'​Prezident Farmoni bilan O`zbekistonda yana bir vazirlik qayta tashkil qilindi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risidagi farmoniga asosan O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi O`zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi etib qayta tashkil qilindi. Farmonning to`liq matni O`zAda e`lon qilindi.

Maqsad tashqi savdo aloqalarining samaradorligini yanada oshirish, tashqi savdoni liberallashtirish, eksport salohiyatini mustahkamlash hamda raqobatdosh mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish tizimini takomillashtirish, mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan xorijiy sheriklar o`rtasida savdo sohasida uzoq muddatli barqaror sheriklik munosabatlarini shakllantirishdan iborat.

Farmonga ko`ra, Tashqi savdo vazirligi vakolatli davlat organi bo`lib, tashqi savdo sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish uchun mas`ul hisoblanadi hamda tashqi savdo faoliyatini tartibga solish sohasida davlat boshqaruvi organlari ishini muvofiqlashtiradi.

Vazirlik o`z vakolatlari doirasida qabul qilingan va normativ-huquqiy xarakterga ega bo`lgan qarorlari davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat`iy nazar xo`jalik yurituvchi sub`ektlar tomonidan bajarilishi majburiy sanaladi.

Tashqi savdo vazirligining asosiy vazifalari va faoliyati yo`nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

tashqi savdo faoliyati sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;

jahon bozorlarining kompleks marketing tadqiqotlarini olib borish, O`zbekiston Respublikasining eksport salohiyatini rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishda ko`maklashish, tashqi bozorlardagi talab-ehtiyojlarni hisobga olgan holda O`zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilayotgan yuqori qo`shilgan qiymatli mahsulotlarning raqobatdoshligini kuchaytirish va rivojlantirish bo`yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

xo`jalik yurituvchi sub`ektlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi va xillarini tizimli asosda tahlil qilish, tashqi bozorlarda uning raqobatdoshligi darajasini aniqlash, tegishli ma`lumotlar bazasini shakllantirish;

tovarlar, ishlar va xizmatlar eksportini qo`llab-quvvatlash, O`zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar bilan savdo hamkorligini kengaytirish va mustahkamlashga ko`maklashish, O`zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan tovarlar, ishlar va xizmatlarning tashqi bozorlarga chiqishi uchun qulay shart-sharoitlarni ta`minlash, sotish bozorlarini diversifikasiyalashga yo`naltirilgan tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

ishonchli xorijiy savdo sheriklarini izlash va tanlashda xo`jalik yurituvchi sub`ektlarga, shuningdek, mahalliy korxonalarning tender savdolarida, halqaro savdo-sanoat ko`rgazmalari, yarmarkalarida va xorijiy mamlakatlarda o`tkaziladigan boshqa shunday tadbirlarda ishtirok etishlariga amaliy yordam ko`rsatish;

import bo`yicha keltiriladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning hajmi va tarkibini chuqur tahlil qilish, mahalliy xomashyo negizida import o`rnini bosadigan tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarish hamda ularni mahalliylashtirish masalalari yuzasidan takliflar ishlab chiqish, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirish bo`yicha konsepsiya va dasturlar ishlab chiqishda qatnashish;

tashqi savdo asosiy ko`rsatkichlari parametrlarini shakllantirishda va O`zbekiston Respublikasining bojxona-tarif siyosatini takomillashtirishda ishtirok etish, tashqi savdoni liberallashtirish bo`yicha takliflar ishlab chiqish;

tovarlar (ishlar va xizmatlar), shu jumladan, o`ziga xos tovarlar va sanoat mahsulotlari tashqi savdosi, shuningdek, tashqi savdoda tarif va notarif boshqaruvi choralarini qo`llash sohasida davlat siyosatini amalga oshirish bilan bog`liq tadbirlarni muvofiqlashtirish;

tashqi iqtisodiy faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish choralarini amalga oshirish bo`yicha takliflar kiritish;

O`zbekiston Respublikasining tashqi savdo infratuzilmasini rivojlantirish, xususan, tranzit salohiyatini, logistika va transport yo`laklarini rivojlantirish masalalari bo`yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish.

Eslatib o`tamiz, avvalroq Prezident Farmoni bilan Madaniyat va sport ishlari vazirligi alohida qo`mita va vazirlikka ajratilgandi.

Boshqa yangiliklar