AsosiyJamiyat

​“Uddaburon”lar valyutani yashirishning yangi yo`lini kashf qilishdi

'​“Uddaburon”lar valyutani yashirishning yangi yo`lini kashf qilishdi'ning rasmi

Ma`lumki, jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegaralari orqali naqd xorijiy valyutani mamlakatimizga olib kirish va olib chiqish tartibi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublikada naqd xorijiy valyutaning muomalada bo`lishini tartibga solish chora-tadbirlarini amalga oshirish to`g`risida” 1996 yil 31 oktyabrdagi 376-son qarorida belgilangan qoidalar asosida amalga oshiriladi.

Mazkur tartib-qoidalar haqida batafsil eslatmalar jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegaralarini kesib o`tish paytida to`ldiriladigan yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ham mavjud. Bundan tashqari, bu haqdagi ma`lumotlar aks ettirilgan devoriy plakatlar chegara bojxona komlpekslari va postlarining jismoniy shaxslar ko`ziga yaqqol tashlanadigan joylariga ilib qo`yilgan, postlarga o`rnatilgan monitorlarda ham bojxona qoidalariga doir videoroliklarning doimiy namoyishi yo`lga qo`yilgan.

Shunga qaramay, amaldagi tartiblarni chetlab o`tib, naqd xorijiy valyutalarni yashirin ravishda olib chiqishga urinayotgan “uddaburon”lar ham uchrab turibdi. Yaqinda Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari ana shunday shaxslarning qing`ir qilmishlarini fosh qilishdi.

Viloyatdagi oliygohlardan birida tahsil olayotgan qo`shni davlat fuqarosi X.Gulboev o`ziga tegishli xalqaro to`lov kartasidan o`qish harajatlari uchun 2200 AQSh dollarini vakolatli banklardan biri orqali naqdlashtiradi. Shundan so`ng nafsi ustunlik qilib, naqdlashtirilgan valyutani belgilangan maqsadlarga sarflash o`rniga, noqonuniy ravishda mamlakatimizdan olib chiqish choralarini izlaydi.

Shu tariqa ushbu shaxs oyoq kiyimlariining ichki qismiga 2200 AQSh dollarini xufyona tarzda joylashtirib, qo`shni davlatga o`tmoqchi bo`lgan paytda bojxonachilar tomonidan fosh etildi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi Axborot xizmati.

Qo`shni davlat fuqarosi S.Djumamuradova ham xuddi shu usulni qo`llashga urindi. U ham o`ziga tegishli xalqaro to`lov kartasidan 500 AQSh dollarini vakolatli bankdan naqdlashtirib, etigiga yashirgancha olib chiqayotgan paytda to`xtatib qolindi.

Yakunda mazkur qonunbuzarlik holatlari yuzasidan jinoyat ishlar bo`yicha Nishon tumani sudining tegishli qarorlariga asosan X.Gulboev hamda S.Djumamuradovaga nisbatan jazo choralari qo`llanilib, ashyoviy dalil sifatida olingan 2700 AQSh dollari davlat egaligiga o`tkazildi.

Shuni unutmaslik kerakki, mamlakatimizda o`rnatilgan tartib-qoidalarga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi rezident jismoniy shaxslari hamda norezident jismoniy shaxslarga O`zbekiston Respublikasi hududiga bojxona nazoratiga rioya qilgan holda cheklanmagan miqdorda naqd xorijiy valyutani olib kirishga ruxsat etilgan.

Shuningdek, respublika tashqarisiga naqd erkin almashtiriladigan valyutani olib chiqib ketishga yo`lovchi bojxona deklarasiyasida qayd etish sharti bilan O`zbekiston Respublikasi rezidentlariga 2000 AQSh dollariga teng miqdordagi summa doirasida, norezidentlariga esa yo`lovchi bojxona deklarasiyasiga muvofiq olib kirilgan valyuta doirasida ruxsat etiladi.

Ko`rsatilgan summadan ortiq naqd valyutani olib chiqib ketishga O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki yoki xorijiy valyutada operasiyalarni amalga oshirish uchun bosh lisenziyaga ega bo`lgan vakolatli banklarning ruxsati bilan yo`l qo`yiladi. Bunga amal qilmaganlar esa qonun oldida javob berishga to`g`ri keladi.

Boshqa yangiliklar