O`smir psixologiyasi shundayki, unga kuchli ta`sir ko`rsatgan vosita misli toshga o`yilgan bitikday ongida, fe`l-atvorida muhrlanib qoladi. Bugun xorijning jangari va zo`ravonlikni targ`ib etuvchi filmlarini ko`rib, o`zini o`sha asar qahramonlariday tutishga urinish ayrim hollarda og`ir jinoyatlarning sodir etilishiga ham sabab bo`lmoqda, deb yozadi IIV matbuot xizmati.
Toshkent viloyati IIB Navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko`ra, 2017 yilning 10 aprel kuni soat 02:30 larda, yoshlari taxminan 20-25 larda bo`lgan to`rt nafar noma`lum shaxslar, boshlariga qora rangli sport shapkasi, yuzlariga qora rangli niqob va qo`llarida xo`jalik qo`lqopini kiygan holda, Bo`stonliq tumani, Iskandar qo`rg`oni hududidagi xonadonlarning biriga 1988 yilda tug`ilgan bosqinchilik yo`li bilan g`ayriqonuniy ravishda kirib, uy bekasi uxlab yotganligidan foydalanib, uning hayoti va sog`ligi uchun xavfli bo`lgan zo`rlik ishlatib, osh pichog`i yordamida o`ldirish bilan qo`rqitib, 2.000.000 (ikki million) so`m pullari va bir dona narxi 400.000 (to`rt yuz ming) so`m bo`lgan “Nokia-225” rusumli uyali aloqa telefonini olib, jinoyat sodir etgan joyidan yashiringanlar.
Jabrdiyda darhol ichki ishlar idorasiga murojaat qilgan.
Olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni ikki nafar 1998 yilda tug`ilgan muqaddam sudlangan shaxs hamda 1994 yilda va 1996 yilda tug`ilgan shaxslar oldindan o`zaro jinoiy til biriktirib sodir etganliklari oshkor bo`ldi.
Ayblanuvchilarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda.