AsosiyJamiyat

​Buxoroda 10 juft kelin-kuyovning nikoh to`yi bir vaqtda nishonlandi

'​Buxoroda 10 juft kelin-kuyovning nikoh to`yi bir vaqtda nishonlandi'ning rasmi

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini moddiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlashni kuchaytirish, jamiyatimizda hamjihatlik, mehr-oqibat, bag`rikenglik va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlashga alohida e`tibor qaratilmoqda, deb yozadi O`zA.

O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi tomonidan bir qator jamoat tashkilotlari ishtirokida joriy yilning 20 aprelidan 26 mayigacha mamlakatimizdagi ehtiyojmand oilalar va Mehribonlik uylarida tarbiyalangan 620 juft kelin-kuyovning nikoh hamda 3 ming 280 bolaning sunnat to`yi o`tkazilayotgani ham har bir fuqaro davlatimiz va hukumatimiz e`tiborida ekanining amaldagi ifodasidir.

Ushbu xayriya tadbiri ijtimoiy ko`makka muhtoj insonlarning ko`nglini ko`tarish, turmush farovonligini oshirishga munosib hissa qo`shishdek olijanob maqsadga xizmat qiladi.

21 aprel. Buxoro shahridagi “Parizod” to`yxonasi bayramona bezatilgan. Davraga birin-ketin kirib kelayotgan kelin-kuyovlar karnay-surnay sadolari ostida milliy an`analarimizga muvofiq kutib olindi.

Yigit-qizlarning ota-onalari, qarindoshlari, mahalla faollari, faxriylar, jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etgan nikoh to`yida har bir tumanning o`ziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda ishlab chiqilgan tadbirlar dasturi davraga o`zgacha shukuh bag`ishladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida yoshlarning baxtiyor va farovon yashashi, hayotda munosib o`rin topishiga katta e`tibor qaratilayotgani ta`kidlanib, yangi oila qurayotgan 10 juft kelin-kuyovga nikoh uzuklari, bayramona milliy libos hamda sarpolar sovg`a qilindi. Shodiyonada kelin-kuyovlarga tantanali ravishda nikoh guvohnomalari, zamonaviy yotoqxona mebellari to`plami topshirildi.

Albatta, oila qurayotgan yoshlarning turmush farovonligi ularning bandlik darajasiga, barqaror ish o`rniga ham bog`liq. Binobarin, nikoh to`ylari arafasida kelin-kuyovlarning ish bilan ta`minlangan yo ta`minlanmagani o`rganilib, ishsizlari tegishli tartibda ishga joylashtirildi. Tantanali marosimda ularga mehnat daftarchalari ham topshirildi.

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi O`.Barnoev so`zga chiqdi.

Boshqa yangiliklar