Sportning eng go`zal, nafis turi muxlislarining e`tibori shu kunlarda poytaxtimizga qaratilgan. Toshkentda badiiy gimnastika bo`yicha Jahon kubogi bosqichi musobaqasi boshlandi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Musobaqa O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasi, Milliy olimpiya qo`mitasi, Gimnastika federasiyasi, Xalqaro gimnastika federasiyasi hamkorligida tashkil etilib, unda O`zbekiston, Armaniston, Avstraliya, AQSh, Belarus, Bolgariya, Gruziya, Indoneziya, Ispaniya, Isroil, Latviya, Norvegiya, Rossiya, Sloveniya, Tailand, Finlyandiya, Shveysariya, Estoniya, Yaponiya va Qozog`iston kabi davlatlardan yuzga yaqin gimnastikachi o`zaro bahslashmoqda.
Toshkentdagi Gimnastika bo`yicha bolalar-o`smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxirasi sport maktabi tomoshabinlar va xorijlik mehmonlar bilan gavjum.
21 aprel kuni mazkur musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangraydi.
O`zbekistonning sport sohasida nufuzi yildan-yilga ortib bormoqda. Buni nufuzli xalqaro turnirlar, jahon chempionatlari, Olimpiya va Osiyo o`yinlarida sportchilarimizning qo`lga kiritayotgan g`alabalari yaqqol tasdiqlaydi. Sportchilarimiz ko`plab oltin, kumush va bronza medallarga sazovor bo`layotgani bilan faxrlanamiz. Bular mamlakatimizda jismonan sog`lom, ma`naviy etuk barkamol avlodni tarbiyalash borasidagi ishlar samarasidir.
O`zbekistonda bolalar va yoshlarni sport bilan faol shug`ullanishga ommaviy jalb qilish bo`yicha uch bosqichli uzluksiz tizim yaratilgan.
Mamlakatimizda qizlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug`ullanishiga alohida e`tibor qaratilmoqda. Badiiy gimnastika bilan shug`ullanuvchi qizlar safi kengayib bormoqda. Nazokat va go`zallik timsoli bo`lgan ushbu sport turi qizlarning jismonan sog`lom, irodasi mustahkam, didi va dunyoqarashi yuksak insonlar bo`lib voyaga etishiga xizmat qiladi.
Jahon kubogi bosqichida tajribali gimnastikachilarimiz Sabina Toshkenboeva va Anastasiya Serdyukova mamlakatimiz sharafini himoya qilmoqda. Guruh bahslarida Kseniya Aleksandrova, Safiya Bozorova, Alina Qosimova, Dinora Ravshanbekova, Komilabonu Rustamova, Go`zal Raymanovadan iborat guruh ishtirok etmoqda.