O`zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan bir qator jamoat tashkilotlari ishtirokida joriy yilning 20 aprelidan 26 mayigacha mamlakatimiz miqyosida ijtimoiy himoyatalab oilalar va Mehribonlik uylaridan bo`lgan 620 juft kelin-kuyovlarning nikoh hamda 3280 nafar bolaning sunnat to`ylari o`tkazilmoqda.
Ushbu maqsadlarda Kasaba uyushmalari Federasiyasi mamlakat miqyosida eng chekka qishloq va tumanlarda yashayotgan ijtimoiy himoyatalab oilalar, Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan bolalarning yashash sharoitlari, hol-ahvollarini o`rganib chiqib, aniqlangan ehtiyojlardan kelib chiqqan holda farzandlarining sunnat va nikoh to`ylarini o`tkazishda ko`makka muhtoj bo`lgan qator oilalar, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari ro`yxatini shakllantirdi.
O`zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi matbuot xizmatining xabar berishicha, nikoh to`ylari o`tkazilayotgan har bir kelin-kuyovga zamonaviy yotoqxona mebellari to`plami, to`y bolalarning har biriga esa kitoblar jamlanmasi hamda Xalq banki bo`limlarida bolajonlar nomiga ochilgan hisob raqamlariga 1 million so`mdan pul mablag`lari o`tkazilgan jamg`arma omonat daftarchalari tantanali ravishda topshirilmoqda. Bundan tashqari yangi oila qurgan yoshlarga nikoh uzuklari, kelin-kuyovlar hamda to`y bolalarga bayramona milliy liboslar va sarpolar hadya etilmoqda.
Xayriya tadbirlarining yana bir muhim jihati shuki, yangi oila qurgan yoshlarning turmushi farovonligi ularning bandlik darajasiga bog`liq ekanligidan kelib chiqqan holda nikoh to`ylari arafasida kelin-kuyovlarning ish bilan ta`minlanganlik holati atroflicha o`rganilib, tegishli tartibda yoshlarni ishga joylashtirish tadbirlari ko`rildi. Ish bilan ta`minlanishga muhtoj bo`lgan kelin-kuyovlarga nikoh to`ylarida mehnat daftarchalarining topshirilishi yana bir ajoyib sovg`a bo`ldi.






