AsosiyJamiyat

​O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov siymosini yaratish bo`yicha xalqaro ijodiy tanlov g`olibi aniqlandi (Foto)

'​O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov siymosini yaratish bo`yicha xalqaro ijodiy tanlov g`olibi aniqlandi (Foto)'ning rasmi

O`zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko`rgazmalari zalida O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov siymosini yaratish bo`yicha xalqaro ijodiy tanlov ko`rgazmasi bo`lib o`tgani haqida xabar bergandik.

Tanlovda O`zbekiston, Ukraina, Janubiy Koreya, Turkmaniston, Italiya, Avstraliya va Germaniyadan 58 nafar haykaltarosh qatnashdi. Ular tomonidan jami 68 loyiha taqdim etildi.

O`zbekiston hukumati tomonidan tasdiqlangan hakamlar hay`ati tomonidan tanlov g`oliblari aniqlandi.

Badiiy akademiya raisi Akmal Nur barcha g`olib va ishtirokchilarni qutlab, eng munosiblar tanlab olinganligini ma`lum qildi.

Ko`pchilik ovozlar bilan tanlovda mashhur haykaltarosh Ilhom Jabbarov g`olib deb topildi. Ikkinchi o`rin yosh haykaltarosh Jasvand Annazarovga nasib qildi, uchinchi o`rinni To`lagan Tajixodjaev egalladi.

Barcha g`oliblarga gonorar to`lanadi. Shuningdek rag`batlantiruvchi mukofot egalariga ham pul mukofotlari to`lanadi. Ular: To`lagan Yorqulov, Farit Axmetzyanov, shuningdek Janubiy Koreyalik haykaltaroshlar Kang Chul Xi, Li Chong An va Chung Yung Su.

Barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Aytish joizki, mazkur xalqaro tanlov O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Buyuk davlat va siyosat arbobi, O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish bo`yicha xalqaro ijodiy tanlovni tashkil etish to`g`risida”gi Qaroriga asosan o`tkazildi.

Prezident Shavkat Mirziyoevning “O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to`g`risida”gi qaroriga asosan xalqaro ijodiy tanlovda g`olib deb topilgan haykallar mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida, Islom Karimov tug`ilib o`sgan Samarqand shahrida va u kishi birinchi rahbar bo`lib ishlagan Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida o`rnatiladi.

Badiiy Akademiyadagi manbalarning ma`lum qilishicha, g`oliblarning aniqlanishi bu aynan ularning loyihalari hayotga tadbiq etilib, Birinchi Prezidentimizga haykal sifatida o`rnatiladi degani emas. Ehtimol davlatimiz rahbarining ko`rib chiqishi uchun juda ko`p g`olib va sovrindorlarning birgalikda yaratgan yagona loyihasi taqdim etiladi.















Boshqa yangiliklar