Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Zafarobod tumaniga tashrif buyurdi. Tumanning "Chimqo`rg`on" qishloq fuqarolar yig`ini hududida Jizzax neftni qayta ishlash majmuasi qurilishiga tamal toshi qo`yish marosimi bo`ldi, deb yozadi O`zA.
Prezidentimizning Qozog`iston va Rossiyaga davlat tashriflarida olib borilgan samarali muzokaralar natijasida majmua uchun xomashyo yaqinda barpo etiladigan neft quvuri orqali etkazib kelinadi. Bu energiya resurslarini etkazish xarajatlarini keskin kamaytiradi va loyihaning iqtisodiy samaradorligini oshiradi. Majmuaning geografik joylashuvi ishlab chiqarilgan mahsulotni mamlakatimizning barcha hududlariga va eksportga minimal xarajatlar bilan etkazish imkoniyatini ta`minlaydi.
Zavodda uglevodorod xomashyosini chuqur qayta ishlash bo`yicha eng zamonaviy, ekologik va energetik jihatdan samarador texnologiyalar o`rnatiladi. Ular asosida jahon standartlariga javob beradigan motor va aviasiya yoqilg`isi, benzol, mazut, bitum va boshqa neft mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Aviasiya kerosini ishlab chiqarish miqdorini oshirish havo kemalarimizning parvoz geografiyasini sezilarli darajada kengaytirish, etakchi xorijiy aviakompaniyalar bilan muvaffaqiyatli hamkorlik orqali yo`lovchi va yuk samolyotlarining tranzit reyslarini oshirish bilan bir qatorda mamlakatimiz aviasiya sohasini yanada rivojlantirish imkonini beradi.
Majmuaning ishga tushirilishi 2 mingdan ziyod, sohaga aloqador va xizmat ko`rsatish tarmoqlarida qo`shimcha 14 mingdan ortiq kishining bandligini ta`minlashga xizmat qiladi.
Marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev nutq so`zladi.
Majmuaga tantanali ravishda tamal toshi qo`yildi.
Tadbir ishtirokchilari hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirish borasida olib borayotgan ezgu ishlari uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.