Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining to`rtinchi kurs talabasi Feruz Muyassarov “IT sayyorasi – 2016/17” X xalqaro olimpiadaning final bosqichiga yo`llanma oldi.
“AT Consulting”, “1S”, “Cisco”, “Huawei”, “Inter Systems”, “Oracle” kabi yirik xalqaro kompaniyalar tanlov tashkilotchilari va homiylaridir, deb yozadi O`zA.
Har yili o`tkaziladigan mazkur xalqaro olimpiada butun dunyoda axborot texnologiyalari sohasida iste`dodli talabalar va yosh mutaxassislarni aniqlash, qo`llab-quvvatlashga qaratilgan. Bu etakchi xalqaro IT-kompaniyalarda ishlab chiqarish amaliyotini o`tash, o`z bilim va ko`nikmasini yanada boyitish uchun ishtirokchilarga qulay imkoniyatdir.
Joriy yilda “IT sayyorasi – 2016/17” X xalqaro olimpiadaning saralash bosqichida 12 mamlakatdan 17 mingdan ziyod talaba va IT mutaxassisi ishtirok etdi. Ballar hisob-kitob qilingach, ularning bir yarim mingdan ortig`i ikkinchi bosqichga o`tdi. Final ishtirokchisi bo`lish uchun amaliy vazifalarni bajarish, berilgan topshiriq yuzasidan ijodiy ishlar bo`yicha eng yaxshi natijalarni ko`rsatish kerak edi. Tanlovning 15 nominasiyasidan birida g`olib chiqishga da`vogarlik qilayotgan 370 ishtirokchi orasida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining to`rtinchi kurs talabasi Feruz Muyassarov ham bor.
“IT sayyorasi – 2016/17” X xalqaro olimpiadaning final bosqichi shu yil 2-5 iyun kunlari Sochi shahrida o`tkaziladi. Final bosqich dasturida musobaqalardan tashqari etakchi xalqaro axborot texnologiyalari kompaniyalari ishtirokida mahorat saboqlari va ma`ruzalar tinglash ham ko`zda tutilgan.