AsosiyJamiyat

​“Oltin qalam”ning navbatdagi g`olib va sovrindorlari aniqlandi

'​“Oltin qalam”ning navbatdagi g`olib va sovrindorlari aniqlandi 'ning rasmi

Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida “Oltin qalam” XII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov g`olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag`ishlangan tantanali tadbir bo`lib o`tdi.

3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni munosabati bilan ta`sis etilgan mazkur xalqaro tanlov g`oliblarini taqdirlash marosimida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a`zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari, mamlakatimizda faoliyat ko`rsatayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.

O`tgan yillar mobaynida tanlov doirasida 5 ming 500 dan ortiq jurnalistning 80 mingga yaqin ijodiy ishi ko`rib chiqildi. 237 nafar hamkasbimiz mazkur tanlovning g`olibi bo`ldi. Shu bilan birga, 70 dan ortiq ijodkor xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari tomonidan ta`sis etilgan mukofotlar bilan taqdirlandi.

Bu yilgi "Oltin qalam" tanlovida 520 jurnalist 9 ming 500 ga yaqin materiali bilan qatnashdi. Televidenie, radio, bosma ommaviy axborot vositalari va internet-jurnalistika yo`nalishlari bo`yicha o`tkazilgan ushbu tanlovda bitta bosh mukofot, har bir yo`nalish bo`yicha uchtadan mukofot hamda “Eng yaxshi fotoreportaj uchun” va “Eng yaxshi matbuot xizmati” rag`batlantiruvchi nominasiyalari ta`sis etilgan. Bu yildan joriy etilgan “Chet ellik jurnalistning O`zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” hamda “OAVda kitobxonlik madaniyati targ`ib qilingan eng yaxshi material uchun” nominasiyasi bo`yicha ham g`oliblar aniqlandi.

Tanlovni o`tkazish, g`oliblarni taqdirlash bilan bog`liq sarf-xarajatlar O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirildi.

Tanlov doirasida O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi kengashi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi kabi tashkilotlarning mukofotlari ham topshirildi.

BMTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi axborot markazi, EXHT, YuNESKO, YuSAID loyihasi, Germaniyaning Xalq universitetlari assosiasiyasi, Sloveniyaning "Mintaqaviy muloqot", "Softline" kompaniyasi kabi xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari, AQSh va Xitoy Xalq Respublikasining elchixonalari ham o`z mukofoti bilan qatnashdi.

Bosh Milliy mukofotga “Tafakkur” jurnali tahririyati sazovor bo`ldi. G`olib jamoa maxsus diplom, “Oltin qalam” ko`krak nishoni, statuetkasi va mamlakatimizda belgilangan eng kam ish haqining 200 barobari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.

G`olib va sovrindorlarga diplom va sovg`alar, pul mukofotlari topshirildi. San`at ustalari va yosh ijrochilar ishtirokida konsert namoyish etildi.

G`oliblarning to`liq ro`yxati bilan bu erda tanishishingiz mumkin.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar