Kuni kecha Toshkent shahar IIBB tomonidan tashkil etilgan matbuot brifingida jurnalistlar tomonidan videokamera tomonidan qayd etilgan jarimadan norozi bo`lib, sudga murojaat qilgan fuqarolar bor yoki yo`qligi haqida savol bilan murojaat qilindi.
Toshkent shahar Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi jamoat va OAV bilan aloqa qilish bo`limi inspektori Alisher Abdukadirov mazkur savolga quyidagicha javob berdi.
— Jarimadan norozi bo`lgan haydovchilardan murojaatlar bo`lyapti sudlarga. Haydovchining sudga murojaati biz orqali qabul qilinadi, sababi sudga ariza bayonnoma bilan birga topshirilishi lozim. Ma`muriy kodeksda yozib qo`yilgan: agar haydovchi o`z qarori bilan norozi bo`lsa, unda u ariza bilan murojaat qiladi va haydovchiga nisbatan yo`l harakati xizmati xodimlari tomonidan bayonnoma tuziladi. Sudga ariza ma`muriy bayonnoma bilan birga chiqariladi.
Agar sud qarorni kuchda qoldiradigan bo`lsa, unda haydovchining ma`muriy ishi umumiy tarzda ko`rib chiqiladi. Ya`ni uning oldingi qoidabuzarliklari ham inobatga olinadi. Aytaylik, tezlikni oshirish yohud svetoforning taqiqlovchi chirog`idan o`tishda bu qoidabuzarlik bir necha bor amalga oshirilgan bo`lsa javobgarlikning ketma-ketligi hisobga olinadi.
Agarda haydovchi videokamera tomonidan qayd etilgan qoidabuzarligini sudga murojaat qilmasdan qaror bo`yicha to`lasa, unda oldingi qoidabuzarliklari ko`rib chiqilmaydi va bu birinchi qoidabuzarlik sifatida qabul qilinadi.
Sud qanday qaror qabul qilish yoki qilmasligi esa to`liq uning vakolatiga sanaladi.