Tarkibida psixotrop moddalar bo`lgan dori-darmonlar noqonuniy savdosi xalqaro narkobiznesning bir qismini tashkil etadi. Jumladan, “Tramadol” va “Lirika” psixofaol dori vositalarining noqonuniy savdosi bugungi kunda ko`plab davlatlarda bo`lgani kabi mamlakatimizda ham uchrab turibdi, deb xabar beradi IIV matbuot xizmati.
Avvalo ta`kidlash joizki, “Tramadol” va “Lirika” kabi dori vositalari giyohvandlik moddalaridek insonga ta`sir etadi. Xususan, psixofaol dori vositasi iste`mol qilingan vaqtda kishining kayfiyati ko`tariladi, faolligi, ishchanlik xususiyati kuchayadi. Ammo iste`mol to`xtatilishi bilan qorin qismida og`riq paydo bo`lib, ko`ngil aynishi, holsizlik, qattiq bosh og`rig`i singari holatlar kuzatiladi. Qisqasi, ushbu dori vositalarini doimiy iste`mol qilgan odam oxir-oqibat ularga butkul qaram bo`lib qoladi.
Milliy qonunchiligimizga muvofiq, «Lirika» va «Tramadol» dorilarini shifokor reseptiga ko`ra, faqat dorixonalardan xarid qilish mumkin. Biroq ayrim “tadbirkorlar” mo`may pul topish maqsadida bu kabi dori vositalarini qonunga zid ravishda sotish bilan mashg`ul bo`lishmoqda.
IIV JQBB Narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan ana shunday dorifurushlarning faoliyatiga chek qo`yildi. Xususan, tezkor tadbirlar jarayonida poytaxtimizning Chilonzor tumanida joylashgan “Garmojka” savdo rastasi, “Ko`hinur” restorani va Uchtepa tumanidagi “Napoleon d’or” kafesi atrofida tarkibida psixotrop moddalar bo`lgan dori-darmonlar savdosi bilan shug`ullanayotgan shaxslar qo`lga olindi.
Umuman, tezkor tadbirlar natijasida 6 ming 20 dona psixofaol dori vositasi, 11 million 213 ming so`m mablag` ashyoviy dalil sifatida olindi.






