O`zbekiston respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyovning farmoni va qaroriga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi huzuridagi O`rmon xo`jaligi bosh boshqarmasi negizida mustaqil O`zbekiston Respublikasi O`rmon xo`jaligi davlat qo`mitasi tashkil etiladi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Hududlarda o`rmon fondi ishlarini tashkil etish va boshqarish samaradorligini oshirish, jumladan, o`rmonlarni ko`paytirish, muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanishni takomillashtirish maqsadida Qoraqalpog`iston Respublikasi O`rmon xo`jaligi qo`mitasi hamda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg`ona viloyatlari o`rmon xo`jaligi boshqarmalarini tashkil etish nazarda tutildi.
Bundan tashqari, Toshkent viloyati hokimligi ixtiyoridagi Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog`i va uning tarkibiga kiruvchi Chotqol davlat biosfera qo`riqxonasi, Ohangaron va Burchmulla o`rmon xo`jaliklari O`zbekiston Respublikasi O`rmon xo`jaligi davlat qo`mitasi tasarrufiga o`tkazildi.
O`zbekiston Respublikasi O`rmon xo`jaligi davlat qo`mitasiga ilgari yuklangan vazifalar bilan bir qatorda, yangidan yaratilgan manzarali o`simliklar navlari ko`chatlari va ekish materiallarini sertifikatlash va standartlashtirish, ularni etishtirishni tashkil etish, qishloq xo`jaligi va chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash, jumladan, yuqori qo`shilgan qiymatli xalq iste`moli tovarlari ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish, ushbu sohaga xalqaro moliya institutlari grantlarini jalb etish, o`rmon xo`jaligi sohasi tashkilotlarini malakali oliy, o`rta va kichik bo`g`in kadrlari bilan ta`minlashni takomillashtirish bo`yicha yagona tizimni joriy etishga yo`naltirilgan qo`shimcha vazifalar yuklanmoqda.
Chora-tadbirlarni ishlab chiqishda yaqin uch yilda qishloq xo`jaligi mahsulotlari, asalarichilik, baliqchilik, chorvachilik hamda xalq iste`moli mollari ishlab chiqarishni ko`paytirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Bunda amalga oshirilayotgan ishlarning yakuniy maqsadi sifatida davlat o`rmon fondi erlarida, jumladan, dasht va cho`l hududlarida yangi o`rmonlarni barpo etish, qishloq xo`jaligi ekin erlari atrofida ihota o`rmonlarini tiklash, respublikamizda ekologik muhitni yaxshilash bo`yicha amaliy baza yaratish ishlarini amalga oshirish nazarda tutildi.
Respublikada rejali ravishda pista plantasiyalari maydonlarini kengaytirish hisobiga pista etishtirishni rag`batlantirish, talab etiladigan miqdorda sifatli pista ko`chatlarini aholi, dehqon va fermer xo`jaliklariga etkazib berish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Ta`kidlash lozimki, pista etishtirishni ko`paytirish orqali nafaqat importni qisqartirish va valyutani tejashga, shuningdek, aholining pista mahsulotiga bo`lgan ehtiyojini qondirish va pistaning bozordagi narxini pasaytirishga erishiladi.






