AsosiyJamiyat

​Tojikistonda O`zbekiston madaniyati kunlari bo`lib o`tdi

'​Tojikistonda O`zbekiston madaniyati kunlari bo`lib o`tdi'ning rasmi

Joriy yilning aprel oyida Dushanbe shahrida o`tkazilgan O`zbekiston sanoat korxonalari mahsulotlari milliy ko`rgazmasi tojikistonliklarda katta qiziqish uyg`otgan edi. 9-13 may kunlari ushbu mamlakatda O`zbekiston madaniyati kunlari bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligidan xabar berishlaricha, mamlakatimiz delegasiyasi Dushanbe xalqaro aeroportida karnay-surnay bilan kutib olingan. Madaniy tadbirda “O`zbekkino” milliy agentligi, O`zbekiston Badiiy akademiyasi vakillari, O`zbekiston xalq artistlari, “Nihol” mukofoti sovrindorlari, xalqaro tanlovlar g`oliblari, “O`zbekiston” ashula va raqs ansambli ishtirok etgan.

Madaniyat kunlarining ochilish marosimi 10 may kuni S.Ayniy nomidagi davlat akademik opera va balet teatrida bo`lib o`tdi. Unda Tojikiston hukumati a`zolari, Madaniyat vazirligi va diplomatik korpus vakillari, madaniyat va san`at arboblari, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Teatr foyesida O`zbekistonning mustaqillik yillarida erishgan yutuqlariga bag`ishlangan “Zamonaviy O`zbekiston” nomli fotoko`rgazma tashkil etildi.

“Kohi Navro`z” majmuasida bo`lib o`tgan “Ota” va “Oyqiz ertagi” badiiy filmlari namoyishi ham tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi. Dushanbe shahri bilan bir qatorda Qo`rg`ontepa va Tursunzoda shaharlarida ham konsert dasturlari o`tkazildi.

Tojikiston Milliy kutubxonasida O`zbekiston va Tojikiston madaniy aloqalari hamda O`zbekiston madaniyati kunlariga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. O`zbekiston madaniyati kunlari Tojikiston ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.

O`zbekiston madaniyati kunlari asrlar davomida yonma-yon yashab kelayotgan xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlik, madaniy yaqinlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Boshqa yangiliklar