Navoiy shahridagi "Yoshlar" stadionida engil atletika bo`yicha O`zbekiston kubogi bahslari o`tkazildi, deb xabar beradi O`zA.
O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasi hamda mamlakatimiz engil atletika federasiyasi tomonidan tashkil etilgan musobaqada ikki yuzga yaqin atlet g`oliblik uchun kuch sinashdi.
Turli masofalarga yugurish bo`yicha o`tkazilgan bahslarda Doston Saydaliev, Sardor Baxtiyorov, Shohrux Davlatov, Hayot Asadov, Nargiza Nizomiddinova, Zulfizar Abdullaeva, Kumushoy Matyoqubova, Marjona Baratova, Mariya Lemzyakova marra chizig`ini birinchi bo`lib bosib o`tdi.
To`siqlar osha yugurishda Ergash Normurodov, Shohrux Baratov, Ozoda O`roqova, Zuhra Boboqulovaga teng keladigani topilmadi. 10 kilometrga sportcha yurish bo`yicha raqobatlashgan sportchilar o`rtasida Vitaliy Poluxin va Diana Yafarova g`alaba qozondi.
Nayza, yadro, disk va bosqon uloqtirish bellashuvlarida Erkin Usmonov, Ivan Markelov, Akmal Narzullaev, Elbek Abdusalomov, Farida Hakimova, Elena Smolyanova, Asal Muxtorova shohsupaning eng yuqori pog`onasiga ko`tarildi.
Balandlikka va uzunlikka sakrash bahslarida Marina Pilyugina ikkita oltin medalni qo`lga kiritgan bo`lsa, uch hatlab sakrashda Sitora Xayrullaeva g`alaba qozondi. O`g`il bolalar o`rtasida esa Dmitriy Melsitov, Ivan Denisov va Ruslan Qurbonov birinchi o`rinni egalladi.