Qibray tumanidagi Do`rmon madaniyat saroyida “Yuksak ma`naviyatli avlod” nomli yoshlar festivalining Toshkent viloyati bosqichi bo`lib o`tdi.
Respublika Ma`naviyat targ`ibot markazi viloyat bo`limi, viloyat hokimligi, viloyat xalq ta`limi, o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi boshqarmalari va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan festivalda umumta`lim maktablari, akademik lisey va kasb-hunar kollejlari o`quvchilari, Toshkent davlat agrar universiteti talabalari ishtirok etdi.
Yoshlarning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini nechog`li anglashi hamda dunyoqarashini sinovdan o`tkazgan festivalning viloyat bosqichida 300 dan ortiq ishtirokchi “Prezident asarlari bilimdoni”, “Badiiy ijod”, “Eng iqtidorli hunarmand”, “O`z asarida milliylikni aks ettirgan rassom”, “O`z asarida milliylikni aks ettirgan dizayner”, “Vatan kuychisi” kabi 8 nominasiya bo`yicha turli yosh guruhlarida bahslashdi.
Ijodiy ishlar, rasmlar, milliy hunarmandligimiz namunalari ko`rgazmasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Festival g`oliblariga tadbir tashkilotchilarining diplom va esdalik sovg`alari topshirildi.