AsosiyJamiyat

​Farmon: Elektr energiyasi va tabiiy gaz etkazib berish tizimi tubdan takomillashtiriladi

'​Farmon: Elektr energiyasi va tabiiy gaz etkazib berish tizimi tubdan takomillashtiriladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektr energiyasi va tabiiy gaz etkazib berish hamda iste`mol qilish sohasida to`lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida” Farmoni imzolandi.

2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, shuningdek, elektr va gaz ta`minoti sohasida boshqaruv tizimini, nazorat va hisobga olish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, to`lov intizomini mustahkamlash, javobgarlikni kuchaytirish, ijro ishi yuritishning samaradorligini tubdan oshirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etildi.

Byuro energiya resurslari uchun to`lovlarning o`z vaqtida va to`liq undirilishiga, elektr va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda talon-toroj qilish holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olishga, shuningdek, sud hujjatlarining so`zsiz ijrosini ta`minlashga mas`ul sanaladi.

Energiya resurslarini etkazib berish hamda iste`mol qilish sohasidagi vazifalarni amalga oshirishda Majburiy ijro byurosiga quyidagi vakolatlar berildi:

– energiya resurslari etkazib berilishi va iste`molini hisobga olishning to`liqligi hamda haqqoniyligi, ular uchun hisob-kitoblarning o`z vaqtida amalga oshirilishi yuzasidan tekshirishlar o`tkazish;

– etkazib berilgan energiya resurslari uchun qarzdorlikni iste`molchilar – yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning bank hisobraqamlaridan so`zsiz undirish;

– etkazib berilgan energiya resurslari uchun eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan ko`p bo`lmagan miqdordagi qarzdorlikni iste`molchilarning ish haqidan ushlab qolish to`g`risida ish beruvchilarga talabnomalar yuborish;

– energiya resurslarini etkazib berish va foydalanish sohasidagi qoidalarni buzganlik uchun yuridik shaxslarga belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo`llash;

– hisob-kitoblar o`z vaqtida amalga oshirilmagan hollarda, iste`molchilarni elektr va gaz tarmoqlaridan uzish;

– energiya resurslaridan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish.

Sud departamenti tugatildi, “O`zbekenergo” va “O`ztransgaz” kompaniyalarining iste`molchilar bilan ishlash bo`yicha elektromontyor hamda tabiiy gazni hisobga olish va realizasiya qilish bo`yicha nazoratchi shtat birliklari qisqartirildi.

Majburiy ijro byurosining davlat ijrochilariga – sud hujjatlari va boshqa organlarning hujjatlari ijrosini, davlat inspektorlariga esa – etkazib berilgan energiya resurslari uchun to`lovlarni o`z vaqtida va to`liq undirishni amalga oshirish yuklatiladi.

“O`zbekenergo” va “O`ztransgaz” kompaniyalarida tuzilgan shartnomalarga asosan iste`molchilarni energiya resurslari bilan ta`minlash, elektr va gaz taqsimlash tarmoqlariga texnik xizmat ko`rsatish vazifa hamda funksiyalari saqlanib qolmoqda.

Farmon bilan o`zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish, shuningdek, energiya resurslari uchun qarzdorlik mavjud bo`lganda iste`molchilarni tarmoqdan uzish tartibi aniqlashtirildi. Unga muvofiq, 2017 yil 1 iyuldan boshlab iste`molchi – jismoniy shaxslar har oyning 10 sanasiga qadar o`tgan oyda foydalanilgan energiya resurslari uchun to`liq hisob-kitob qilishlari shart.

Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga energiya resurslari oldindan 100 foizlik haq to`lash asosida etkazib beriladi.

To`lovlar o`z vaqtida amalga oshirilmagan taqdirda, iste`molchilar tarmoqdan majburiy uziladi, bunda qayta ulash uchun jismoniy shaxslardan eng kam oylik ish haqining ikki barobari, yuridik shaxslardan eng kam oylik ish haqining o`n barobari miqdorida to`lov undiriladi.

Bundan tashqari, Farmonda elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanishni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini hamda boshqa zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar nazarda tutildi.

Farmonda belgilangan chora-tadbirlarning samarali amalga oshirilishi – elektr energetika va gaz tarmoqlarini modernizasiya qilishga, iste`molchilarni energiya resurslari bilan uzluksiz ta`minlashga, mamlakat iqtisodiyotini, shu jumladan, tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirishga, sud qarorlari ijrosining samaradorligini, aholining turmush darajasi va farovonligini oshirishga hamda jamiyatda qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qarorning to`liq matni va unga yozilgan sharh bilan O`zAda tanishish mumkin.

Boshqa yangiliklar