AsosiyJamiyat

​Rossiya Bosh kardioxirurgi Leo Bokeriya o`zbekistonlik shifokorlar bilan Xorazmda jarrohlik muolajalarini o`tkazadi

'​Rossiya Bosh kardioxirurgi Leo Bokeriya o`zbekistonlik shifokorlar bilan Xorazmda jarrohlik muolajalarini o`tkazadi'ning rasmi

2 iyun kuni Rossiya Federasiyasining A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir xirurgiyasi markazi direktori, akademik L.A.Bokeriya yurtimizga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining Xorazm filialida bo`lib, o`zbekistonlik shifokorlar faoliyati bilan yaqindan tanishadi, deya xabar beradi O`zR SSV axborot xizmati.

Mazkur shifoxonada aholiga malakali davolash va profilaktika xizmatlari ko`rsatib kelinmoqda. Kardiologiya, kardioreabilitasiya, kardioxirurgiya, intervension kardiologiya va fizioterapiya bo`limlari, poliklinika xalqimiz xizmatida.

Bugun faqat Xorazm viloyati aholisiga xizmat ko`rsatayotgan filial shifokorlari tomonidan yiligayuzdan ortiq kardioxirurgik amaliyotlar o`tkazilayotgan bo`lsa, mintaqaviy shifoxona maqomini olgach, bu ko`rsatkich 3-4 barobar oshishi kutilmoqda.

Joriy yildan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining Xorazm filialiga angiografiya tibbiyot uskunasi o`rnatildi. Ushbu zamonaviy apparat yurak holatini chuqur o`rganish barobarida, o`pka arteriyasi bosimini ham mukammal tahlil qilish imkonini beradi. Bu bilan kardiojarrohlikda eng murakkab amaliyot hisoblanadigan qon tomirlarini stentlash jarrohlik amaliyoti, aorta koronar shuntlash amaliyoti o`tkazish uchun zarur sharoitlar yaratildi.

Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lumotlariga ko`ra, dunyoda har ming chaqaloqning 6-7 nafarida tug`ma yurak nuqsoni qayd etiladi. Vaholanki, bu xastalikni operasiya yo`li bilan butunlay bartaraf etish va bemorni to`laqonli hayotga qaytarish mumkin. Lekin bunday jarrohlik amaliyotini o`tkazish uchun barcha klinikalarda ham etarli sharoit mavjud emas.

Shu vaqtgacha Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining Xorazm filialida vazni 10 kilogrammdan kam bo`lgan chaqaloqlarda kardiojarrohlik amaliyoti o`tkazilmagan. Ammo bunday og`ir xastalikka chalingan bolalar qancha erta davolansa, kasallikni asoratsiz bartaraf etish shunchalik samarali bo`ladi. Jahonga mashhur ilmiy-amaliy markaz filiali Xorazmda ish boshlashi xorijlik hamkasblar bilan birga shu erning o`zida bir yoshgacha bo`lgan bolalarda ham murakab yurak jarrohligini amalga oshirish imkoniyatini beradi.

Akademik L.A.Bokeriyaning yurtimizga tashrifi davomida mamlakatimiz kardiojarrohlari uchun mahorat darslari va kardiojarrohlikning dolzarb masalalariga bag`ishlangan suhbatlar ham tashkil etildi.

Rossiya Federasiyasi Sog`liqni saqlash vazirligi Bosh kardioxirurgi L.A.Bokeriya yurtimiz mutaxassislari bilan hamkorlikda Xorazm viloyatida yurak-qon tomir kasalliklarining og`ir asoratli turlari bilan og`rigan bemorlarda jarrohlik muolajalarini o`tkazadi.

Ushbu jarayon bemorlarga salomatligini tiklash uchun katta imkoniyat yaratgan bo`lsa, mamlakatimiz kardiojarrohlari uchun master-klass ham bo`ladi.

Rossiya Federasiyasining A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy-amaliy markazi bilan o`rnatiladigan hamkorlik doirasida mahalliy shifokorlar rossiyalik hamkasblari bilan muntazam tajriba almashish imkoniyatiga ega bo`lmoqda. Bu esa aholi salomatligini yanada mustahkamlashga, mahalliy mutaxassislarning yuqori texnologiyaga asoslangan eng murakkab kardioxirurgik amaliyotlarni muvaffaqiyatli o`tkazishdagi tajribalarini yanada boyitishga xizmat qiladi.

Eslatib o`tamiz, Rossiya Federasiyasi Sog`liqni saqlash vazirligi Bosh kardioxirurgi L.A.Bokeriya shu yilning 4 iyuniga qadar Xorazm viloyatida bo`ladi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida Xorazm viloyatida bo`lganda, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining Xorazm filiali faoliyati bilan yaqindan tanishgan edi.

Davlatimiz rahbari bemorlar holidan xabar olib, filial faoliyatini yanada yaxshilash bo`yicha fikrlar bildirib, shifoxona negizida Rossiya Federasiyasining A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy-amaliy markazi filialini tashkil etish bo`yicha topshiriqlar bergan edi. Mazkur shifoxona kelajakda Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyatlari aholisi uchun mintaqaviy markaz bo`lishi ko`zda tutilgan.

Boshqa yangiliklar