1

EKSPO-2017: “KELAJAK ENERGIYaSI”

Jamiyat 09.06.2017, 23:30
Teglar: Qozog`iston, ​Anjuman, EKSPO-2017
EKSPO-2017: “KELAJAK ENERGIYaSI”

Ertaga Qozog`istonning Astana shahrida “Ekspo-2017” Butunjahon ko`rgazmasi o`z ishini boshlaydi.

“Kelajak energiyasi” mavzusida o`tadigan ushbu yirik savdo anjumanida 115 davlat va 18 xalqaro tashkilotdan vakillar ishtirok etishi, mazkur ko`rgazmani 2,5 milliondan 5 milliongacha tomoshabin tomosha qilishi kutilmoqda.

2011 yilning 10 iyun kuni Parij shahrida Xalqaro Ko`rgazmalar byurosining 152-Bosh assambleyasida Ekspo-2017 yilda o`tadigan butunjahon ko`rgazmasini aynan Qozog`istonning Astana shahrida o`tkazishga klishib olindi. Ta`kidlash joizki, mazkur ko`rgazmani o`tkazish uchun Belgiyaning Lej, Astraliyaning Nyukasl va Sidney, Kanadaning Edmonton, Serbiyaning Belgard, Fransiyaning Lill, Norvegiyaning Stavanreg, Ispaniyaning Salamanka shaharlari da`vogarlik qilishgandi.

O`tmishga bir nazar

Keling, aslida ushbu ko`rgazmaning mohiyati va tarixiga birrov ko`z tashlasak. Uning yuzaga kelishi bevosita 1844 yilda o`tgan fransuz milliy ko`rgazmasiga borib taqaladi. Shundan so`ng 1851 yilda Londondagi Gayd-parkda shahzoda Alber tashabbusi bilan birinchi Butunjahon ko`rgazmasi bo`lib o`tadi. Uning maqsadi dunyo sanoatida erishilayotgan yutuqlarni ommalashtirish, xalqaro savdo-sotiq munosabatlarini rivojlantirishdan iborat edi.

Shundan so`ng dunyoning turli nuqtalarida muntazam ravishda ana shunday xalqaro ko`rgazmalarni o`tkazib borish an`anaga aylandi. Bu esa, o`z davrida nafaqat ishlab chiqarish, texnika va texnologiyalar, qishloq xo`jaligi, fan va madaniyat sohalaridagi yangiliklarni ham keng ommaga taqdim etish imkonini berdi. Bugungi kunda hayotimizning ajralmas qismiga aylangan juda ko`p vositalar – changyutkichlar, kir yuvish mashinalari, stasionar va uyali telefonlar, yangi rusumdagi avtomobillar ham ilk bor turli yillarda o`tkazilgan butunjahon ko`rgazmalarida namoyish etilgan.

Dunyoga mashhur Eyfel minorasi ham dastlab 1889 yilda Parijda o`tgan ko`rgazma uchun kirish arkasi vazifasini o`tagandi.

Nega aynan Astana?

Xalqaro ko`rgazmalar byurosi navbatdagi ko`rgazma uchun bejiz Qozog`iston poytaxtini tanlagani yo`q. Mamlakatda mustaqillik yillarida erishilgan ulkan yutuqlar, yangi poytaxtning qisqa vaqt ichida dunyoning eng go`zal shaharlari qatoridan o`rin olishi, bu erdagi imkoniyat va qulayliklar, yangi, zamonaviy inshootlar Astana uchun Ekspo-2017 Butunjahon ko`rgazmasiga mezbonlik qilish imkonini berdi.

Aytish joizki, 10 iyundan 10 sentyabrga qadar o`tadigan EXPO-2017 ixtisoslashtirilgan ko`rgazmasi dunyo bo`yicha joriy yilda kutilayotgan 50 ta eng muhim voqealar qatoridan o`rin olgan.

Ko`rgazmaning asosiy maqsadi dunyo bo`yicha tiklanmaydigan energiya resurslari yil sayin qisqarib borayotgan bir paytda muqobil energiya manbalari va ular asosida ishlaydigan texnika va texnologiyalarni keng jamoatchilikka taqdim etishdan iborat. Ko`rgazma doirasida ekologiya va atrof-muhitga jiddiy zarar etkazmaydigan, “yashil iqtisodiyot” tamoyiliga asoslangan g`oyalar, o`z-o`zini elektr quvvati bilan ta`minlovchi binolar, elektromobillar va bioyoqilg`i bilan ishlaydigan avtomashinalar va boshqa ko`plab ilm-fan va texnika “mo``jizalari” namoyish qilinadi.

Ta`kidlash joizki, mazkur yirik ko`rgazmaga mamlakatimiz vakillari ham muqobil energiya manbalaridan foydalanish bo`yicha ilg`or loyihalari va mahsulotlari bilan ishtirok etadilar.

“Astanaga xush kelibsiz!”

Mazkur yirik anjuman arafasida shaharda 2829 o`rinli 23 ta yangi mehmonxona barpo etildi. Shuningdek, mehmonlar va ishtirokchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida katta sig`im va imkoniyatlarga ega bo`lgan temir yo`l vokzali va aeroport terminali foydalanishga topshirildi.

EXPO-2017 ko`rgazmalar majmuasining umumiy maydoni 174 gektarni tashkil etadi. Qozog`iston milliy paviloni 5000 kvadrat-metr maydonni egallagan ulkan shar ko`rinishidagi zamonaviy majmuada joylashgan bo`lib, mehmonlar bu erda mamlakatda turli sohalarda erishilayotgan yutuqlar va mahalliy olimlar va mutaxassisning mazkur ko`rgazmaga bag`ishlangan loyihalari bilan tanishishlari mumkin.

Qozog`iston hukumati ishtirokchilarning kelib-ketishini osonlashtirish maqsadida 45 mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejimni joriy etdi. Shuningdek, ko`rgazma davomida shahardagi xavszlik va osoyishtalikni ta`minlash uchun ham barcha choralar safarbar etilmoqda.

Ko`rgazma dirasida bir qator madaniy tadbilar dasturi ham ishlab chiqilgan. Anjuman doirasida Xitoy imperatori Sin Shi Xuan Dining sopol armiyasi ekspozisiyasi, jahonga mashhur dyu Soley sirki (Kanada)ning maxsus tomoshalari, “Operaliya” hamda Turkvision” xalqaro musiqiy tanlovlari, "The Spirit of Tengri" zamonaviy milliy musiqa festivali singari madaniy ma`rifiy tadbirlar o`tishi kutilmoqda.

Shuningdek, anjuman ishtirokchilarining Qozog`istondagi tarixiy obidalar bilan Samarqand, Buxoro, Xiva singari mamlakatimizning qadimiy shaharlariga sayohat qilishi ham ko`zda tutilgan.

Sharhlar

BDKI Toshkent filiali Vasiylik kengashining anjumani bo`lib o`tdi

29.04.2024, 16:55

Renessans kino uyida Butunrossiya davlat kinematografiya instituti Toshkent filiali Vasiylik kengashi yig`ilishi o`tkazildi. Unda Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov, agentlik direktori o`rinbosari Alisher Xadjaev, Kambag`allikni...
Qozog`istondan 120 dan ortiq xorijlik chiqarib yuborildi

18.03.2024, 12:51

Qozog`istondan 120 dan ortiq noqonuniy muhojir chiqarib yuborildi, deb xabar berdi Polisia.kz.“Migrant” tadbiri davomida huquq-tartibot idoralari xodimlari besh kun davomida 10 mingdan ortiq migrasiya qonunchiligi...
Toshkentdan Koreyaga borgan qozog`istonliklar deportasiya qilingach, aeroportda qochib ketdi (video)

01.04.2023, 11:02

Qozog`istonning deportasiya qilingan ikki fuqarosi Janubiy Koreyada qochib ketdi, deb xabar berdi Tengrinews.kz. Ma`lumotni Qozog`iston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati tasdiqlagan.Qozoqlarning qochishi ijtimoiy tarmoqlardan ma`lum...
Qozog`istonda 33 nafar o`zbekistonlik yo`lovchi bo`lgan avtobus to`xtab qoldi

03.02.2023, 10:42

Joriy yil 1 fevral kuni soat 07:57 da Qozog`istonning Jualin tumani Nurlikent qishlog`i yaqinida avtobus Olmaota-Toshkent avtomobil yo`lining 570-kilometrida to`xtab qolgan. Qayd etilishicha, transport dvigatelida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1