Mobil aloqa xizmatlari iste`molchilari huquqlarini himoya qilish va sifatli xizmatlar ko`rsatilishini ta`minlash maqsadida Aloqa axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari sohasida nazorat bo`yicha davlat inspeksiyasi (Inspeksiya) tomonidan operatorlarning oylik ma`lumotlari va tarmoq sifat ko`rsatkichlari tahlil qilindi.
O`tkazilgan tahlil natijalari barcha operatorlarining mobil aloqa tarmoqlari sifat ko`rsatkichlarining yomonlashganligini ko`rsatdi:
- radioaloqa uzatkichlari ishlashida korxonaning aybi bilan uzilishlar;
- muvaffaqiyatsiz ulanishlar soni;
- o`rnatilgan ulanishda abonent tashabbusi bilan bo`lmagan uzilishlar soni;
- internet tarmog`iga muvaffaqiyatsiz ulanishlari soni;
- internet tarmog`ida o`rnatilgan ulanishlarda abonent tashabbusi bilan bo`lmagan uzilishlar soni.
Yuqorida keltirilgan sifat ko`rsatkichlari tahlili, lisenziya shartnomasi talablari bajarilmaganligi va mobil aloqa tarmog`i sifat ko`rsatkichlarning yomonlashuvi, shuningdek operator aybi bilan yuzaga kelgan asosli murojaatlar bo`yicha Inspeksiya tomonidan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aloqa sohasidagi me`yoriy hujjatlar, davlat va tarmoq standartlari talablarini, ko`rsatilayotgan xizmatlar sifatini buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar (jarimalar) to`g`risida”gi 2000 yil 14 avgustdagi qaroriga asosan mobil aloqa operatorlariga moliyaviy sanksiyalar (jarimalar) qo`llanildi.
Lisenziya shartnomasi talablarini bajarilishi va mobil aloqa xizmatlaridan foydalanuvchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida barcha mobil aloqa operatorlariga tegishli ko`rsatmalar berildi.