O`zbekiston Respublikasi aholisiga 2017-2021 yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko`rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolandi.
Qarorda respublikaning ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamini yanada rivojlantirishning eng muhim yo`nalishlarini belgilash, uning geografiyasini tuman (shahar) darajasigacha kengaytirish, hududiy ixtisoslashgan tibbiyot tashkilotlariga tashkiliy-metodik rahbarlik qilish uchun respublika ixtisoslashtirilgan markazlarining mas`uliyatini oshirish, ularning amaliyotiga tibbiy yordamning zamonaviy usullari va texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari nazarda tutilgan.
Qaror bilan barcha darajalarda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko`rsatish tizimini yanada isloh qilish, respublika miqyosida ixtisoslashgan yo`nalishlar bo`yicha eng zamonaviy yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko`rsatish, viloyat darajasida ixtisoslashgan yo`nalishlar bo`yicha zamonaviy yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko`rsatish, tuman (shahar) darajasida ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni yangidan tashkil etiladigan ixtisoslashtirilgan bo`limlar negizida ko`rsatish nazarda tutilgan. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tashkilotlariga esa maxsus tasdiqlangan jadval bo`yicha tuman (shahar) va viloyat darajasidagi tashkilotlarning tor ixtisoslashgan mutaxassislari tomonidan maslahatlar berilishi, shuningdek, davolash va maslahat-diagnostika yo`nalishlari bo`yicha ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamning ayrim turlarini ko`rsatishi nazarda tutilgan.
Qarorga muvofiq, 2018 yil 1 yanvargacha imtiyozli toifa alohida hisobga olingan holda tegishli ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlardan, shu jumladan, yuqori texnologik tibbiy yordamdan foydalanishga muhtoj bo`lgan bemorlarning doimiy yangilanadigan yagona elektron ma`lumotlar bazasi shakllantiriladi. 2019 yil 1 yanvargacha bo`lgan muddatda barcha ixtisoslashtirilgan markazlarda, viloyat filiallarida, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida vrach qabuliga masofadan yozilish imkonini beradigan elektron dastur joriy etiladi.
2022 yil 1 yanvargacha aholiga pulli tibbiy xizmatlar ko`rsatuvchi (stomatologiya va kosmetologiya xizmatlaridan tashqari) sog`liqni saqlash tizimi davlat tibbiyot tashkilotlarini soliqlarning barcha turlarini va davlat maqsadli jamg`armalariga majburiy ajratmalarni to`lashdan, shuningdek, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro`yxat bo`yicha chetdan olib kelinadigan yangi tibbiyot uskunasi, butlovchi buyumlar, tibbiyot uskunasiga ehtiyot qismlar va sarflash materiallari uchun bojxona to`lovlari to`lashdan ozod etish nazarda tutilgan. Bo`shagan mablag`lar tibbiyot tashkilotlarini zamonaviy tibbiy, muhandislik-texnika uskunasi bilan jihozlashga hamda unga servis va texnik xizmat ko`rsatishga, ehtiyot qismlar, sarflash materiallari, inventar va boshqa tibbiy buyumlarni xarid qilishga, yangi binolar va inshootlar qurishga, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va mukammal ta`mirlashga yo`naltiriladi.
Qarorda davolanish uchun chet elga jo`nab ketayotgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilishning ta`sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish, mahalliy mutaxassislarning amaliy va nazariy ko`nikmalarini oshirish maqsadida xorijiy etakchi olimlar, vrachlar va mutaxassislarni shartnoma asosida respublikaga jalb etishga alohida e`tibor qaratilgan.
Dastur doirasida 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasida ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni yanada rivojlantirish maqsadida 373,5 milliard so`m va 100 million AQSh dollari miqdorida mablag` ajratilishi ko`zda tutilgan bo`lib, shundan 60 milliard so`m mablag` Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta`mirlashga va 97 million AQSh dollari respublika va hududiy ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarini jihozlashga yo`naltiriladi.
Qarorning to`liq matni va unga sharh O`zAda keltirilgan.