AsosiyMutolaa

​HINDChA MUHABBAT

'​HINDChA MUHABBAT'ning rasmi

Xalqimga yordam kerak, uning dardlari ko`p

Test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan Ozod poytaxtdagi eng nufuzli tibbiyot instituti talabasiga aylandi. O`qishga yangi qabul qilinganlarni tabriklash marosimi hashamatli zalda bo`lib o`tdi. Hamma haya¬jonda. Rektor ularni talabalik baxtiga muyassar bo`lganlari bilan tabrikladi. Kelgusi o`qishlarida omad tilab, hazil tarzida yaxshi o`qimaganlar shaf¬qat yo`qligini ta`kidlab o`tdi.

Birin-ketin fami¬liya¬lar o`qilganidan so`ng domla yana bir qog`ozni olib, «Maxsus dastur asosida bir mehmon qizimiz ham qabul qilingan. Tanishinglar Rani Xon, hin¬dis¬tondan» deya jilmayib qo`ydi.

Hamma duv etib burilib oppoq matoga o`ralib olgan qoramag`iz qizga qaradi.

Qiz o`z xalqining ming yillik odatiga ko`ra kaft¬larini birlashtirib minnatdorchilik bildirdi.

***

O`qishlar ham boshlandi. Talabalar uch oqimga, oqimlar esa oltitadan guruhlarga bo`lindilar. Ozod sardor qilib saylangan guruhda o`sha hind qizi — Rani ham bor edi. Ozod kursdoshini endi yaqindan ko`rib oldi. Ha¬misha shirin jilmayib turadigan qiz dastlabki darsga sariq, chetlari qizil hoshiyali mato — hind¬cha ko`ylak sari ki¬yib kelgandi. Peshonasidagi chizilgan xol chaqnab turgan, qora qosh-u ko`zlarga uyg`unlashib ketgan edi. Apoq-chapoq bo`lib ketishdi. Ruschani qiynalib gapiradigan Rani ingliz tilini mukammal bilarkan. Hin¬dis¬tonda o`tkazilgan allaqanday tanlovda grant yutib olgan Ranini otasi Evropaga jo`natishga rozi bo`lmabdi. Bir vaqtlar O`zbekistonga kelganligi, o`zbeklarga mehri bo`lakligi uchun faqat Toshkentda o`qisagina rozi bo`lishini aytibdi.

Talaba bo`lganliklari tufayli qalbga ingan shodlik tez kunlarda o`qishning jiddiy mas`uliyati bilan almashdi.

***

Dam olish kuni bo`lgani uchun Ozod kechroq uy¬g`ondi. Havo sovigan, qish kirib, qor uchqunlay bosh¬lagandi. Ozod qalin ki¬yinib yotoqxonaning to`rtinchi qavatidan pastga tushdi.

Ko`chaga chiqib ke¬tayotgan Ozod bog`da, archaning tagida ko`kka tikilib turgan Raniga ko`zi tushdi. Qiz xuddi qotib qolgandek edi.

Ozod uning yoniga yaqinlashdi. Rani o`z tilida nimalardir deb pichirlar, yuzlariga qo`nayotgan qor zarralari bir lahzada erib ketayotgandi. Qiz Ozod juda yaqin kelganida ham qimirlamadi. Ozod sekin chaqirdi:

— Rani.

Qiz u tomon o`girildi. Uning ko`zlarida hayrat qotib qolgandi.

— Bu erda nima qilayapsiz?

Rani jilmayib javob qaytardi.

— Men ulg`aygan yurtda qor yog`maydi. Qorni faqat kinolarda ko`rganman. Tabiatning bu mo``jizasiga duch qilgan Allohga shukrona aytayotgandim.

Ozod kuldi.

— Qoyil, qor yog`sayu-siz shukur qilsangiz.

Rani jiddiy javob qaytardi:

- Siz va hamyurtlaringiz bu o`lkaga to`rt faslni mukammal qilib bergan Allohga tunu-kun shukrona keltirsangiz arziydi.

Ozod shu tobda bunchalar chuqur fikrlovchi qiz bilan gaplashgisi kelib ketdi.

— Sizlarchi, nima Hindistonda hayot boshqachami?

Qiz archa shoxidagi qor¬dan olib yuziga bosdi, shundoq ham qirmizi yuzlari lov-lov yonib ketdi. Ozod shu paytgacha e`¬tibor qilmagani — bu go`¬zallik qarshisida lol qoldi. Rani jiddiy nigohlarini yigitga qaratdi:

— Xalqimga yordam kerak, uning dardlari ko`p. Men o`qib, xalqimning dardlariga darmon bo`¬lishni istayman.

Ozod murg`akkina vujuddagi olamshumul qat`iyatdan hayron qol¬di. O`zi ham erta-yu kech o`qisada shifokorlarning oq-xalatida-yu, sog`ayib ketgan bemorlarning rahmatidan o`zga narsani tasavvur qilmagandi.

— Hindiston buyuk davlat, — davom ettirdi qiz. — Lekin uning muammolari ham ulkan. Yurtdoshlarimning ko`p¬chiligi qashshoq, boshpanasiz. Ular birlamchi tibbiy yordamga, oddiy narsalarga muhtoj. Niyatim, sohamni mukammal egallab, shunday yurtdoshlarim uchun bepul ishlovchi shifoxona ochmoqchiman.

Ozod kinolarda ko`r¬gan Hindiston boshqacha edi. Hashamatli qasrlar, oltinu-zarga o`ralganicha quvnab raqsga tushadigan odamlar…

Rani xuddi uning ko`ng¬lidan kechayotgan gaplarni uqqandek davom ettirdi.

— Kinoindustriyamiz ancha rivojlangan, bu yax¬shi, lekin u yurtimiz ha¬qida boshqacha tasavvur uyg`otadi. Go`yo bizda ham¬ma shod-xurramu, harqanday muammo yaxshilik bilan tugaydigandek… Lekin yurtimning umidli farzandlari bor. Ular ulg`ayib, Hindiston qaddini ko`tarishadi. Men ham bu jarayonga ozgina hissamni qo`¬sha olsam bas…

Ozod qizni yana gapga tutdi.

— Axir eng katta boylar sizlarda-ku, nahot shunday mashhur davlatda shunaqa muammolar bo`lsa?

— Ming afsuski Hin¬dis¬tonda tabaqalanish juda kuchli. Sizlardagi eng g`arib odam ham bizdagi nochorlarga nisbatan ancha badavlat sanaladi. O`z navbatida bu erdagi eng badavlat odamlar bizdagi boylar oldida xuddi oddiy odamdek.

— Savolimni ko`nglingizga olmang. Sizning oilangizning mavqei qay darajada.

— Oilamiz o`rtahol yashaydi. Otam zamindor. Uning kasbi sizlardagi fermerlarnikiga yaqin. Onam uy bekasi. Meni va uch ukam bilan ikki singlimni tarbiyalaydi.

— Sizlardagi aksariyat shifokorlar Evropa-yu, Amerikada o`qib kelishgan ekan. Bizning diplomimiz bilan ishlay olasizmi?

— Diplomning qaysi joydan olinganligining ahamiyati yo`q. Shifokor darajasini qo`l¬ga kiritib kelgan har bir mutaxassis juda jiddiy imtihondan o`tkaziladi. Men Mo`g`ulistonda o`qib kelgan va muvaffaqiyatli ishlayotgan shifokorni, shuning¬dek Parijda diplom olib sinovdan o`ta olmaganligi uchun sanitarlik qilayotgan odamni bilaman.

Ozod qizni xursand qilgisi keldi.

— Sizning bu o`qishingizda har qanday imtihon ham cho`t emas. Xo`p desangiz endi birgalikda shug`ullanamiz.

Qiz biroz o`ylanib javob berdi.

— Mayli, faqat birgina shartim bor. Siz ingliz tilini ham o`rgana borasiz. Qobiliyatingiz bor, yaxshi shifokor bo`lib etishishingiz aniq. Faqat xafa bo`l¬mangu, dune miqyosidagi mutaxassis bo`lishni negadir o`ylamaysiz. Til o`rganishda men sizga yordam beraman.

Ozod bugun dunyo¬qa¬rash¬lari ancha kengaygani, maqsadlari ravshanlashgani, o`ziga juda munosib hamroh topganini angladi.

Shu suhbatning o`ziyoq kifoya qildi.

Ozodning ko`nglida uyg`ongan his shu kuniyoq alangalandi va butun borlig`ini qamrab oldi.

* * *

To`rtinchi kurs bo`lganlarida haqiqiy Shohjahon bilan Mumtozmahalga aylanishgandi. Ozodga ancha vaqt ro`yxushlik bermay yurgan Rani asta-sekin yigitga qo`nikkandek bo`ldi. Lekin Ozod Rani ikkilarining kelajagi to`g`risida gap ochganida qiz xomush tortib qolar, bu holat Ozodni iztirobga solardi.

Ozod hali o`zining oilasidagi sinovlarni engib o`tishni o`ylardi. Lekin muhabbati yo`lidagi qor qanday g`ov uning uchun muammo emasdek. Akasi uylangan, opasi turmushga chiqkan, kelajakda ota-onasi bilan yashashi kerak bo`lgan ukasining borligi unga bir qadar imkoniyat beradigandek tuyulardi.

To`rtinchi kursni tugatib yozgi ta`tilga chiqqanlarida Ozod Ranini aeroportga chiqib kuzatib qo`ydi. «Ozod shu ondanoq hijron ummoniga sho`ng`ib ketdi. Aeroportdan qaytgan Ozod muhim masalani hal qilishga kirishdi. U ota-onasi bilan Rani to`g`risida gaplashmoqchi va ularni turmush qurishlariga ko`n¬dirmoqchi edi.

Bu ish oson bo`lmadi. Avval onasini, keyin onasi ko`magida otasini ko`n¬dirish uchun Ozod ancha ter to`kdi. Avvaliga Hindistondan kelin olishi o`ziga juda g`ayritabiiy tuyulgan Oybek aka rozi bo`ldi-yu xuddi hind kinolaridek to`y qilib kelin tushirishni o`ylab zavqlanib ketdi. Ozodning elkasidan qoqib bag`riga bosdi va shunday dedi:

— Men roziman o`g`lim. Hind qizi bo`lsa hind qizi-da. Xudo xohlasa sov¬chilikka o`zim boraman. O`sha Roja*ning qizini karnay-surnay qilib olib kelamiz. Baxtingni ko`rsam bo`lgani o`g`lim.

Ozodning ko`zlariga yosh kelib otasini quchdi.

* * *

Yoz bir tarafdan hijronda, bir tarafdan ota-onasining roziligi tufayli shodlikda o`tdi. Raniga bir necha bor qo`ng`iroq qilib bu quvonch¬li xabarni etkazmoqchi bo`ldi. Lekin har safar omadi chopmadi. Ikkita chaqiruvdan keyin aloqa uzilar, kompyuter ke¬yinroq qo`ng`iroq qilishni so`rardi. Elektron manzilga yo`llangan sanoqsiz maktublar ham javobsiz qolaverdi. Ozod sabr bilan kutdi. Nihoyat yillardek cho`zilgan ta`til tugab, ikkinchi sentyabr yaqinlashdi hamki Ranidan darak bo`lmadi.

Ozod hammadan oldin institutga etib bordi.

Hamma kursdoshlari kelgan, lekin Ozod izlagan inson ko`rinmasdi. Aksiga olib hamma kursdoshlari Ranini undan so`rashardi. Ozod elka qi¬sishdan nariga o`tolmadi.

Birinchi hafta beqiyos sog`inchda o`tdi. Rani kelmadi. Ozodning o`qishlaridan ham ko`ngli sovudi. Ikki oy shu tarzda o`tdi. Majnundan farqi qolmagan Ozod dadasiga borib dardi hol qildi.

* * *

Bombey aeroporti juda gavjum edi. Dunyoning turli burchaklaridan kelgan odamlar turli tomonga shoshilardi. Samolyotdan tushgan Ozodning yodiga bir paytlar eshitgan she`rining bir satri tushdi:

Toj-Mahal qurib ber, jajji Toj-Mahal...

Yigitning hapriqib ketgan ko`nglidan o`tli o`ylar kechdi: «Azizim Rani, sen uchun qalbimda Toj-Mahal qurib keldim».

Oybek aka bilan Ozod bir muddat qayoqqa borishni bilmay turishdi. Ozod Rani yordamida ing¬lizchani o`rgangani qo`l keldi. Aeroportdagi polisiyachilardan qiz yashaydigan Nagpur shahriga qanday borishni so`radi.

Vokzalda ham odam juda ko`p, Nagpurga ketadigan poezd ham to`la edi. Olti soatlik yo`l davomida Ozod uchrashuvlarini o`zgacha tasavvur etib ketdi. Ranining otasi bilan uchrashishadi. Zamonaviy fikrlovchi ota qizining qo`lini so`rab, ularning oilasini hurmat qilib kelgan ziyoli insonlar tashrifidan boshi ko`kka etadi…

Ota-onasining oq fotihasini olgan Rani o`z odatiga muvofiq Ozodning bo`yniga gulchambar tashlaydi. Kelinni olib O`zbekistonga qaytishadi. U yog`i to`y. Eh-hey…

* * *

Qog`ozda yozilgan manzil bo`yicha kelgan ko`chalari kitoblarda ta`riflangandek edi.

Shaharning eng obod ko`chasi bo`lgan bu joyda hashamatli uylar saf tort¬gan, yo`l o`rtasidagi maysazorda palmalar tartib bilan ekilgan edi. Kelgunlariga qadar boshqacha manzarini ko`rib kelgan ota-bola yana hayratda qolishdi.

O`n birinchi uyni ko`p izlashmadi. Oldida juda ko`pchilik odamlar to`planib turgan, oq marmardan uch qavat qilib qurilgan uyning devoriga katta qilib «11» raqami yozib qo`yilgandi. Ko`chada hashamatli mashinalar turar, yong`oqdan ishlangan darvoza katta ochiq edi. Darvoza yonidagi qop-qora xizmatchi kelayotganlarni tavoze bilan ichkariga taklif qilar, boshlariga katta-kichik sallalar o`rab olgan yo`g`on-yo`g`on kishilar salobat bilan ichkariga kirib ketishardi. Qish kirgan bo`lishiga qaramay quyosh nurlariga to`lgan keng hovlida katta bazmga tayyorgarlik ko`rilayotgandi. Ozod bilan dadasi bir lahza kalovlanib qolishdi.

Ularning chet eldan kelganligini payqagan xizmatchi yonlariga kelib inglizchalab dedi:

— Sohib, ichkariga mar¬hamat.

Oybek aka o`g`liga imo qildi. Rani kamtarinlarcha ta`riflagan zamindorning xonadoni nihoyatda ko`rkam edi. O`nlab xizmatkorlar chopganlaricha kelganlarga xizmat qilishar, hovli markazidagi favvora atrofida, yana hovlining boshqa joylarida mehmonlar uchun minglab joylar hozirlangandi. Ota-bola kelganlarga qo`shilib to`rdagi joyga o`tirdilar. Xizmatchilardan biri stollariga allaqanday shirinliklar qo`yib, tanovul qilishga taklif etdi.

Ozod bu manzarini hech hazm qilolmayotgan edi. Nimalar bo`layapti o`zi? Rani qani? Bu qanaqa tantana?

O`g`lining ko`zlari alang-jalang bo`layotganini ko`rgan Oybek aka bosiqlik bilan atrofni kuzatdi. Odamlar bilan to`la boshlagan joylar to`rida muhtasham joy hozirlangandi. Otaning ham o`g`ilning nigohlari shu joyda qotdi. Ikkisining ham qalbini bir o`y qirib o`tdi.

To`y… Kelin va kuyovga hozirlangan joy…

Kuyov qani?! Kelin kim?!

Savollar javobsiz qolmadi. Qop-qora limuzin sirena ovozini yangratib darvoza yonida to`xtadi. Sari o`ragan ayollardan biri kelin-kuyovning yo`liga gul sochdi, yana biri qip qizil kukun. Moshinaning old eshigi ochilib ko`rinishidan kuyov bo`lgan yigit tushdi. U juda kelishgan edi. Oppoq kostyum kiygan, boshiga bejirim salla o`ragandi.

Ozod unga qarab yutinib qo`ydi. Kuyov orqa eshikni ochdi. Harir pardalarga o`ralgan poyafzalsiz nozik oyoq gullar bilan upaga qorishib ketgan yo`lakka qadam bosdi. Kelin boshdan-oyoq qizil matoga o`ralgan, yuziga parda tortilgan edi.

U kim, nahotki Rani bo`lsa?! Kuyov kelinni etaklab to`yxonaga kirib kela boshladi. Hindcha nog`oraning sho`x sadolari yangradi, ortidan surnay jo`r bo`ldi. Ozod bilan Oybek aka turgan joyga yaqinlashganlarida kelinning bilagidagi moshdek xol ko`rindi.

Ozod titrab ketdi. Kelin Rani edi!

Yigit o`rnidan turib ketdi, Oybek aka o`g`lining qo`lidan tortqilab, o`tirishga undadi. Lekin Ozod go`yo qotib qolgandek edi.

Engil qadam bosib kelayotgan kelin uni ko`rib bir qalqdi. Unga tikilib turgan nigoh egasi haqiqatdan ham Ozodga qarashli edi.

Eh bu lahzalar… Ko`z¬lar to`qnashgan onlar.

«Men seni izlab keldim…».

«Men seni sog`inib kutdim… Lekin…»

«Nega, nega axir?!»

«Taqdir…»

To`yxonani tark etayotgan Ozodning qulog`iga mehmonlardan birining so`zlari chalindi.

— Kuyov ham kelin kabi shifokor, Amerikada o`qiydi. Endi, xotinini ham olib ketsa kerak…

Kelin-kuyov sharafiga to`y sadosi chalindi. Lekin Ozodning ko`zlariga g`ilt-g`ilt yosh tiqildi.

Hamma kelin kuyovga qo`shilib ichkariga yo`nalayotgan bir paytda Ozod Ranining yonidan o`tib tashqariga chiqib ketdi…

Umid bilan kelgandi, hadsiz armon bilan ketdi. Dard ham shunchalardir…

Abror ZOHIDOV

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar