2017 yil 22 iyun kuni soat 10:20 da Qozog`iston Respublikasi Oqto`ba viloyatining Aytekebi tumanidagi Qorabutak posyolkasidan 20 kilometr masofada Samara – Chimkent avtomobil yo`lining 946-kilometrida Volgograd (Rossiya) – Chimkent (Qozog`iston) yo`nalishi bo`ylab harakatlanayotgan ikki qavatli «Mersedes» rusumli yo`lovchi avtobusi (davlat raqami N 011 LMM) ag`darilib ketgan. Avtobusda jami 52 kishi – 50 nafar O`zbekiston fuqarosi va 2 nafar Qozog`iston fuqarosi bo`lgan.
Ushbu yo`l-transport hodisasi oqibatida 9 kishi (barchasi O`zbekiston fuqarosi) halok bo`lgan, 18 kishi jarohat olgan (17 nafari O`zbekiston fuqarosi, ularning 5 nafari Oqto`ba viloyatining Aytekebi tumani markaziy shifoxonasiga yotqizilgan).
O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi jabrlanganlarning ahvoli va ushbu hodisa bilan bog`liq boshqa masalalar haqida ma`lumot olish uchun bevosita telefon aloqasi tashkil qildi. Halok bo`lganlarning jasadini O`zbekiston Respublikasiga olib kelish uchun Oqto`ba shahriga maxsus samolyot yuborilgan.
O`zbekiston Respublikasi rahbariyati halok bo`lganlarning oila a`zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi, deb yozadi O`zA.