1

​Xorazmlik fuqaro o`z do`stining qotiliga aylandi

Jinoyat 27.06.2017, 11:34
​Xorazmlik fuqaro o`z do`stining qotiliga aylandi

U muqaddam bir necha marta sudlanib, jazoni o`tagan bo`lsa-da, yana qo`lini qonga bo`yadi


Hayotimizning qonunlar asosida tartibga solinishi jamiyatda adolat barqarorligiga, fuqarolarning huquq va erkinligini ta`minlanishiga xizmat qiladi. Qonunlarga amal qilmaslik, ularni bilib-bilmay buzish, tabiiyki, javobgarlikka sabab bo`ladi. Ayrim fuqarolar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar qonunga itoat etmaslik, jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzish, mensimaslik oqibatida yuzaga kelayotganligi sir emas. Noto`g`ri tashlangan qadamlar, noqonuniy xatti-harakatlar oqibatida inson o`z qo`li bilan qazigan chohga o`zi qulaydi. Hayot yo`limiz bir tekis kechmasligi rost. Bilibmi bilmay qilgan xatolarimiz, yo`l qo`ygan kamchiliklarimizni to`g`rilash uchun oldinda imkoniyat, ya`ni, vaqt bor. Biroq, uning qadriga etmaslik, umrni behuda sarflash, bundan-da yomoni qabih jinoyatlarga qo`l urib, isnodga qolish aql-idroki bilan ulug`langan insonning boshqa tirik mavjudotlardan farqli tomonlari borligini ko`rsatishga imkon bermaydi. Xonqalik Suvon Ahmedov (ism-familiyalar o`zgartirilgan) ham hayotda to`g`ri yo`lini yo`qotib, jinoyat sodir etgan shaxslardan biri. Muqaddam bir necha marotaba sudlanib, jazoni o`tagan bo`lishiga qaramay, ozodlikka chiqqach yana egri qadam tashlaydi. 2016 yilning 31 dekabr kuni ko`pchilik yangi yil kirib kelishini xursandchilik bilan nishonlayotgan bir paytda u bir insonning umriga zomin bo`lib, qo`lini qonga bo`yadi.

Ishonuvchanligi pand berdi

Suvon Qoraqalpog`iston Respublikasi Beruniy tumanida yashovchi Bahrom Hamroev bilan fermer xo`jaligida yangi ish boshlagan mahali tanishgan edi. Tabiatan ochiqqko`ngil, ishonuvchan bo`lgan Bahrom Suvon Ahmedovni fermer xo`jaligi dala shiyponida yaxshi kutib olib, xonaga joylashtirib, ishning yo`l-yo`rig`ini ko`rsatgandi. Bir ishda ishlab yaqin do`st bo`lamiz, deb o`ylagandi. Ming afsuski, munosabatlar u o`ylagandek yakun topmadi. Ma`lumki, kuzda yig`im-terim tugagandan keyin ham dalada ish to`xtamaydi. Erni shudgor qilish, o`simlik tomirlaridan tozalash kabi ishlar qilinadi. Qish fasliga kelib esa biroz vaqtgacha dam olish imkoni bo`ladi. Dala shiyponida kunlar shu zaylda o`tayotgandi. Suvonning yangi yilni birgalikda bayram qilib nishonlash taklifiga rozilik bildirgan Bahrom Hamroev do`stini xafa qilmaslik uchun shu yo`lni tanlagandi. Turmush o`rtog`ining qachon kelasiz, sizni kutyapmiz degan savoliga bayramdan keyin borishini aytgan Bahrom uni yolg`iz tashlab ketgisi kelmagandi. Afsuski, yangi yilni bayram sifatida nishonlash unga nasib etmadi.

2016 yil 31 dekabr...

Bayram bahona dala shiypondagi xo`jalik ishchilarini qutlab kelgan fermer Hayitmetov ular bilan birga spirtli ichimlik ichdi. O`g`illariga Bahromni maqtadi.

—Qaranglar, qanday yaxshi yigit. Beozor, kamgap, hamma ishni do`ndiradi. Men unga ishonaman. Pulini halollab ishlab topadi.

Bu kabi maqtovlar nimagadir Suvonga yoqmadi. Kayfiyati tushdi. Mehmonlar ketishgach, yana eski qilig`ini boshladi. Spirtli ichimlik iste`mol qildi. Ko`ngli yana ichishni tusaganligi bois Bahromni spirtli ichimlik olishga yubordi, u uzoq vaqt qolib ketgan bo`lsa-da, quruq qo`l bilan qaytdi. O`rtalarida kelib chiqqan janjal esa fojiaga aylandi. Kaltak azobiga chiday olmagan Bahrom shu zahotiyoq jon bergandi. Ertasi kuni ertalab uyqudan turgan Suvon Ahmedov uning o`lib yotganligini ko`rdi. Mendan shubhalanishmasin, degan xayolda jasadni aravachaga yuklab, ancha olisdagi zahkash yoniga olib borib, ko`mib tashlaydi. Bu ishimni birov ko`rmadi, hech kim bilmaydi, deb o`ylaydi. Hamma ham yo`lidan adashadi. Xato qiladi, lekin ketma-ket sodir etilgan jinoyatlar Suvon Ahmedovning allaqachonlar insoniylik qiyofasini yo`qotganligini bildiradi. Ekspertiza xulosalari, aniq dalillar, guvohlar ko`rsatmalari asosida fosh etilgan jinoyat Quvonch Ahmedov tomonidan sodir etilganligi o`z tasdig`ini topdi.

Hukm o`qildi

Har bir qilgan ish, har qanday xatti-harakat uchun javobgarlik bor. Jinoyat esa jazosiz qolmasligi aniq.

Sud zalida o`qilgan hukm sudlanuvchining taqdirini belgilaydi, ya`ni, u qilgan qilmishiga yarasha jazo oladi. Bu gal ham xuddi shunday bo`ldi. Sudlanuvchi Suvon Ahmedovning jinoiy qilmishi jinoyat ishlari bo`yicha Xorazm viloyat sudida ko`rib chiqilib, unga nisbatan sudning adolatli hukmi o`qildi. Unga ko`ra 17 yilu 6 oy muddatga qamoq jazosi tayinlandi.

Yuz berayotgan bu kabi salbiy holatlarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, fuqarolarning huquqiy ongini oshirish, demokratik qadriyatlarni xalqimiz ongi va hayotiga singdirish huquqbuzarlik va boshqa jinoyatlar sodir etilishining oldini olishga xizmat qilishi, shubhasiz. Huquqiy demokratik davlatda ustuvor sanalgan qonunga itoat etish, o`z huquq va majburiyatlari bilish har bir fuqaroning burchi ekanligini har birimiz to`la anglab etmog`imiz shart.

Ra`no KAMOLOVA, jinoyat ishlari bo`yicha Xorazm viloyat sudi sudyasi.

Nargiza BO`RONOVA, jurnalist

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1