AsosiyJamiyat

​O`zbekiston mustaqilligining 26 yillik bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish to`g`risida Prezident qarori imzolandi

'​O`zbekiston mustaqilligining 26 yillik bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish to`g`risida Prezident qarori imzolandi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish to`g`risida Prezident qarori imzolandi.

Prezident Qarori bilan Vatanimiz tarixida mutlaqo yangi sahifa ochgan O`zbekiston mustaqilligining 26 yilligini munosib kutib olish, istiqlol davrida erishayotgan yutuqlarimizni yana bir bor sarhisob qilib, el-yurtimizni yangi marralar sari ruhlantirish maqsadida Vatanimiz mustaqilligining 26 yillik bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha respublika komissiyasining tarkibi tasdiqlandi.

Respublika komissiyasiga bir hafta muddatda “Fidoying bo`lgaymiz seni, O`zbekiston!” degan bosh g`oyani o`zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar hamda targ`ibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqish topshirildi.

Mazkur dastur 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategisi hamda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturining ma`no-mazmunidan kelib chiqqan holda tayyorlanadi.

Bu borada quyidagi yo`nalishlarga alohida e`tibor qaratilsin:

“Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” degan tamoyilga asosan mamlakatimizni modernizasiya qilish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, parlament va siyosiy partiyalarning rolini, davlat boshqaruvi tizimining sifati va samarasini yanada oshirish, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish orqali davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga qaratilgan keng ko`lamli ishlarni atroflicha yoritish;

“Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosida joylarda davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan xalq bilan ochiq va samarali muloqot olib borish tizimi yo`lga qo`yilgani, buning natijasida fuqarolarning ko`plab murojaat va muammolari qonuniy hal etilayotganiga alohida e`tibor qaratish;

qonun ustuvorligini ta`minlash, sud-huquq tizimini yanada isloh etish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash, ichki ishlar tizimi va prokuratura organlarida amalga oshirilayotgan tub islohotlarni asosiy mavzulardan biri sifatida aks ettirish;

iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish, uning raqobatdoshligini oshirish, qishloq xo`jaligini modernizasiya qilish va jadal rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag`batlantirish, hududlar, tuman va shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks va mutanosib taraqqiy ettirish, investisiyaviy muhitni yaxshilash, erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish bo`yicha belgilangan vazifalar ijrosini yoritishga keng o`rin va ahamiyat berish;

“Xalq boy bo`lsa, davlat ham boy va qudratli bo`ladi” degan g`oya asosida aholi, ayniqsa, yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, oilaviy biznes va kasanachilik, tomorqa xo`jaligini rivojlantirish uchun yangi imkoniyat va preferensiyalar yaratib berish, banklar tomonidan imtiyozli kreditlar ajratish, tegishli tashkilotlar orqali zarur resurslar etkazib berish tizimi yo`lga qo`yilganini aniq misollar bilan ko`rsatish;

ijtimoiy sohada aholi bandligini ta`minlash, uning real daromadlarini izchil oshirib borish, ijtimoiy himoya va sog`liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ta`lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat, san`at va adabiyot, sport sohalarini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini samarali olib borishga qaratilgan ishlarga alohida urg`u berish;

shahar va qishloqlarimiz qiyofasi tobora ochilib borayotgani, aholi uchun namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar va infratuzilma tarmoqlarini barpo etish, keksa avlod vakillarini, yosh oilalarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, elektr energiyasi, toza ichimlik suvi va tabiiy gaz ta`minotini yaxshilashga qaratilgan ishlarni atroflicha yoritish;

“Ma`naviyat – eng ta`sirchan va qudratli qurolimiz” degan tamoyilga muvofiq aholining madaniy saviyasini yuksaltirish, yoshlar o`rtasida kitobxonlik, jumladan, elektron kitobxonlikni rivojlantirish, ijodkor ziyolilarning mehnatini munosib rag`batlantirish va ularning yutuqlarini targ`ib etish borasidagi ishlarni keng aks ettirish;

qo`lga kiritgan barcha yutuqlarimizning asosiy omili va mezoni sifatida birinchi navbatda xalqimizning fidokorona mehnati, odamlarimiz, avvalambor, yoshlarimizning dunyoqarashi, siyosiy ongi va tafakkuri o`zgarib, fuqarolik faolligi tobora kuchayib borayotganini hayotiy dalil va misollar orqali talqin etish;

xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag`rikenglikni ta`minlash, chuqur o`ylangan, o`zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish orqali davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, qo`shnilarimiz bilan raqobat qilish emas, balki hamkorlik qilish, mintaqamizdagi muammolarni birgalikda hal etish tamoyiliga asosan amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlarning mazmun-mohiyatini ochib berish;

mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, chegaralarimiz daxlsizligini asrash, Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini kuchaytirish, jahon miqyosida raqobat, qarama-qarshilik tobora beshafqat tus olayotgan, radikalizm, terrorizm, ekstremizm, “ommaviy madaniyat” kabi tahdidlar kuchayib borayotgan tahlikali zamonda doimo ogoh va hushyor bo`lib yashash, safarbarligimizni yanada oshirish – bugun hayotning o`zi talab qilayotgan eng muhim va dolzarb vazifamiz ekanini keng jamoatchilikka etkazish.

Qarorning to`liq matni O`zAda e`lon qilindi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar