Ella Koganning bronza haykallari sirli xususiyatga ega. Uning jonsiz ekanligini anglaysiz, shunga qaramay siz ko`rgazma zalida ularni tomosha qilayotganingizda haykallar ham sizni kuzatayotganini beixtiyor sezasiz. Ushbu haykallar yonida odam o`zini boshqa olamga tushib qolgandek his qiladi. Qandaydir sirli oltinchi hissiyot, sehr bu bronza jismlar ichida joylashgandek, deb yozadi “Daryo”.
Ella 16 yoshli o`smir chog`ida ota-onasi bilan Toshkentdan Nyu-Yorkka kelgan. Uning otasi Leonid Kogan — mumtoz sovet maktabining rassomi, Repin nomidagi san`at akademiyasining bitiruvchisi hisoblanadi.
Ella musiqiy maktabda fotepiano va vokal bo`yicha ta`lim olgan hamda ushbu yo`nalishda faoliyatini davom ettirishni niyat qilgan. Nyu-Yorkda u «Musiqa» mutaxassisligi bo`yicha Xanter-kollejini tamomlagan.
Biroq tasviriy san`atga bo`lgan genetik moyillik o`zini ko`rsatdi. 90 yillar oxirida plastilindan shakl yasash bo`yicha berilgan uy vazifani tayyorlashga Ella shu darajada berilib ketgan ediki u vaqtning hisobini yo`qotib qo`ygan. Shundan so`ng musiqa ikkinchi o`ringa tushib qolib, birinchilikni haykaltaroshlik egallagan.
Ella 20 yildan ortiq vaqtdan beri loy va bronza bilan ishlaydi. Uning ishlari so`nggi bir necha yildan beri Milliy san`at jamiyatida (National Arts Club) namoyish qilib kelinmoqda.
Ella haykaltaroshlik bilan maxsus ta`limsiz shug`ullana boshlagan, keyinroq esa New Milford Art Center’da dars olgan. Bir yarim yilga yaqin 7-avenyuda joylashgan tikuvchining haykalini yaratgan mashhur haykaltarosh Judit Valler qo`lida tahsil olgan. Ella undan hayotiy xissiyotlarga ega shakllarni yaratishni o`rgandi
Uning ayni vaqtdagi ko`rgazmasida shu kabi haykallarining 20 ga yaqini namoyish etilmoqda.
Ko`rgazma Russian American Foundation fondi tomonidan tashkillashtirilgan.