Tanlov natijalariga ko‘ra, Adliya vazirligi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha eng namunali vazirlik nominatsiyasida g‘olib deb topildi.
Qayd etilishicha, vazirlik qisqa vaqt ichida zamonaviy, ochiq va raqamli adliya institutiga aylangan. Bugungi kunda 30 ta platforma orqali 380 ta to‘liq raqamlashtirilgan xizmat ko‘rsatilmoqda, 780 dan ortiq xizmatdan onlayn foydalanish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, 208 ta davlat xizmatlari markazidan iborat tarmoq butun mamlakat bo‘ylab yagona standart asosida faoliyat yuritmoqda.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi resurslarni boshqarish bo‘yicha eng namunali vazirlik sifatida e’tirof etildi. Idora faoliyatida shaffoflik, tejamkorlik va samaradorlikni oshirishga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ajratilgan mablag‘lar yangi konlarni qidirish va sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan, geologiya-qidiruv ishlarida suv sarfi 20 foizga qisqartirilgan. Shuningdek, asosiy konchilik uskunalarini mahalliylashtirish darajasi 84 foizga yetkazilgan.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘nalishida esa Ichki ishlar vazirligi eng namunali idora sifatida tan olindi.
Bugungi kunda vazirlik tomonidan 60 ga yaqin xizmat turi ko‘rsatilmoqda, ularning 95 foizi to‘liq raqamli shaklga o‘tkazilgan. Ilgari tarqoq bo‘lgan 72 ta ma’lumotlar bazasi yagona “Xavfsiz shahar” tizimiga integratsiya qilingan bo‘lib, unga 14 ta boshqaruv markazi va 20 dan ortiq vazirlik ulangan. O‘tgan yili 148 mingdan ortiq ma’muriy ish masofaviy tartibda ko‘rib chiqilib, fuqarolarning idorama-idora sarson bo‘lishining oldi olingan.






