5 iyul kuni «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O`zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo`llab-quvvatlash to`g`risida» O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni imzolandi.
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida yoshlarni ma`naviy etuk va jismonan sog`lom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirildi.
Mazkur sohadagi faoliyatni tubdan takomillashtirish va yangi yuksak sifat bosqichiga ko`tarish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O`zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo`llab-quvvatlash to`g`risida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan isloh etish maqsadida O`zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati negizida O`zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etildi.
O`zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil topgan kun – 30 iyun sanasi mamlakatimizda “Yoshlar kuni” sifatida nishonlanadi.
O`zbekiston yoshlar ittifoqiga 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi doirasidagi islohotlarda yoshlar faolligini oshirish bilan bog`liq bir qator yangi va muhim vazifalar qo`yildi.
O`zbekiston yoshlar ittifoqi respublikamizda yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishida davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlikni ta`minlovchi, “Yoshlar – kelajak bunyodkori” shiori ostida professional faoliyatni amalga oshiruvchi tuzilmaga aylanadi.
Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi vakolatli idoralar faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini tashkil etish, natijasi bo`yicha ta`sirchan choralar ko`rish maqsadida O`zbekiston yoshlar ittifoqining huquqiy va amaliy vakolatlari kengaytirildi, tegishli imkoniyat va imtiyozlar berildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida Yoshlar siyosati masalalari xizmati tashkil etilib, unga O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati masalalari bo`yicha Davlat maslahatchisi – O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi rahbarlik qilishi belgilandi.
Yoshlar siyosati masalalari xizmati O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi faoliyatini samarali tashkil etish, O`zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida”gi qonunida belgilangan vazifalarning to`laqonli ijrosini tashkil etish va nazorat qilish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining bu boradagi faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish, ularga g`oyaviy-uslubiy yordam ko`rsatishni tashkil etish, sohaga oid qonun hujjatlari va huquqni qo`llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish kabi vazifalarni amalga oshiradi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati masalalari bo`yicha Davlat maslahatchisi – O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o`z lavozimiga ko`ra O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a`zosi hisoblanadi.
Farmonda O`zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish vazifasi belgilandi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda yaqindan ko`maklashish, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi vakolatli idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish, O`zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida”gi qonuni talablarini hayotga to`laqonli joriy etish va nazorat o`rnatish maqsadida Yoshlar masalalari bo`yicha respublika idoralararo kengashi tashkil etildi.
Ayni paytda Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlari raisligida Yoshlar masalalari bo`yicha hududiy idoralararo kengashlar faoliyat yuritadi.
O`zbekiston yoshlar ittifoqining Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar kengashlari raislari tegishliligi bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining yoshlar siyosati masalalari bo`yicha maslahatchisi hisoblanadi va maqomi bo`yicha ularning birinchi o`rinbosarlariga tenglashtirildi.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari, tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (bo`limlari) boshlig`ining yoshlar masalalari bo`yicha o`rinbosari – huquqbuzarliklar profilaktikasi bo`limi (bo`linmasi) boshlig`i O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi tavsiyasi asosida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi.
Farmonning to`liq matni va unga sharh O`zAda e`lon qilindi.