Ma`lumki, yaqin vaqtlardan beri O`zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillarni sotib olishning qulay imkoniyatlari paydo bo`lgandi. Milliy valyutada, naqd va naqdsiz to`lov, va eng muhimi – kreditga.
Biroq kuni kecha «Darakchi» redaksiyasiga avtokredit xizmatidan foydalan olmagan mushtariydan murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaatning tagini surishtirish maqsadida tahririyatimiz mamlakatdagi barcha banklarga qo`ng`iroq qilib chiqdi.
Tasdiqlaymiz: darhaqiqat ayni kunda birorta ham moliya muassasi tomonidan kreditga avtomobil berilmayapti.
Shunday qilib, O`zsanoatqurilishbank, Ipak yo`li, Ipoteka, Hamkorbank, Turon, Turkiston, Trast va boshqa banklarda bu xizmat mavjud, ammo ularning barchalari bir vaqtda tarif va foizlarni ko`rib chiqish maqsadida ushbu xizmatni taqdim etishni vaqtincha to`xtatishgan.
Ushbu bank vakillarining so`zlariga ko`ra, avtoni kreditga olish xizmatining tez orada imkoni yana qaytadi (bir oygacha muddat ichida). TIF Milliy bank, Savdogar bank, Xalk bank, Qishloq qurilish banklarida avtokreditlar umuman berilmaydi. Mikrokreditbankning operatori bilan bog`lanishning imkoni bo`lmadi.
Eng ajablanarli tomoni, hatto “Asaka banki”da ham ushbu xizmatni ko`rsatish vaqtincha to`xtatilgan. Kredit bo`limi mutaxassisining ma`lum qilishicha, ayni damda bankda qayta moliyalash va yangi foiz stavkalarni belgilash jarayoni kechmoqda. Tez orada xizmat yana taqdim etila boshlaydi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Markaziy bank Boshqaruvining pul-kredit siyosati chora-tadbirlarining iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta`minlashdagi samaradorligini muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilishi yakuni bo`yicha joriy yilning 28 iyun kunidan qayta moliyalash stavkasini yillik 14 foizgacha ko`tarish to`g`risida qaror qabul qilindi.