Joriy yilda Toshkent davlat yuridik universitetda bo`lib o`tadigan kirish imtihonlarida adolatni ta`minlash maqsadida bir qancha yangiliklar amalga oshiriladi. Bu haqida universitet qabul komissiyasi ma`lum qildi.
Shunday yangiliklardan biri test sinovlari o`tkaziladigan binoga kirishda abiturient mikrokalkulyator, lug`at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikasiya vositalari va shpargalkalar olib kirishga harakat qilgani nazoratchilar tomonidan aniqlansa, o`sha abiturientga dalolatnoma tuzilib, u test jarayonidan chetlashtiriladi.
Aslida ushbu qoida yangilik emas. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta`lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o`qishga qabul qilish tartibi to`g`risidagi nizom”da ham, undan oldin amalda bo`lgan nizomlarda ham mazkur qoida belgilab qo`yilgan edi. Biroq ushbu qoidaga doim ham qat`iy amal qilinmas, abiturientlarning mazkur nojo`ya xatti-harakati aksariyat hollarda kechirilardi.
Endi joriy yildan boshlab, mazkur qoidaga qat`iy amal qilinadi. Test o`tadigan binoga qo`shimcha vositalar olib kirishga uringan abiturient aniqlanishi zahoti, test sinovlariga kirmasidanoq, imtihondan chetlashtiriladi.
Qabul komissiyasi bergan ma`lumotlarga ko`ra, barcha abiturientlar nomiga maxsus ogohlantirish xatlari tayyorlandi va DTM varaqasini olishga kelgan har bir abiturient yana bir bor bu haqida ogohlantiriladi.
Eslatib o`tamiz, joriy yilda TDYuUga jami 600 nafar talaba qabul qilinadi va o`zbek guruhiga 5178 nafar, rus guruhiga esa 954 nafar abiturient hujjat topshirgan. O`tgan yilgi bilan solishtirganda abiturientlar soni 1736 nafarga (39,5%) oshgan.