O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog`ida Shahrisabz shahriga sayohlar oqimini oshirish va yo`lovchilarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida “Qarshi-Kitob temir yo`l uchastkasini elektrlashtirish hamda tezyurar poezd harakatini tashkil etish” loyihasini tayyorlash bo`yicha ko`rsatma berilgandi. Joriy yilning 10 iyul kuni qabul qilingan qarorga asosan ushbu yo`nalishda amalga oshirilishi lozim bo`lgan ishlar boshlab yuborildi.
Qarshi-Kitob temir yo`l liniyasining umumiy uzunligi 124 kilometrni tashkil etadi. Yo`nalishda 3ta vokzal, 8 ta stansiya, 46 ta ko`prik va 107 boshqa sun`iy inshootlar mavjud. Loyiha doirasida 1ta tortish elektrostansiyasini va 94 kilometr masofada tutashtirish tarmog`i, tashki elektr ta`minoti ob`ektlarini qurish belgilangan. Umumiy uzunligi 8 kilometr bo`lgan temir yo`llar ta`mirlanadi va yuqori tezlikda harakatlanuvchi poezdlar qatnovi uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
Shuningdek, “Kitob” va “G`uzor” stansiyalarini tubdan ta`mirlash, temir yo`l atrofini panjaralar bilan o`rash, signallashtirish va telekommunikasiya tizimlarini modernizasiya qilish ko`zda tutilgan.
2017-2018 yillar oralig`ida amalga oshiriladigan mazkur loyiha Toshkent, Samarqand, Qarshi va Kitob yo`nalishida yagona turistik yo`nalishni yaratish va xalqaro turizmni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Poezdlar harakati vaqtini qisqartirish, ortiqcha xarajatlarni tejash imkonini yaratish barobarida, vohadagi qadimiy yodgorliklarni kelib ko`rishga oshiqayotgan sayyohlar sonining keskin ortishiga zamin yaratadi.
Ushbu yo`nalishda poezdlar 160 kilometr/soat tezlikda harakatlanib, yo`lovchilar Qarshidan Kitobgacha 50 daqiqada zamonaviy servis xizmatlaridan foydalangan holda manziliga borish imkonini beradi, deya xabar beradi Kompaniya axborot xizmati.






