AsosiyJamiyat

Chexiya O`zbekiston bilan barcha yo`nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish tarafdori

Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida Iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo`yicha O`zbekiston-Chexiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. 

O`zA ning xabar berishicha, majlisda Chexiya delegasiyasi O`zbekistonda amalga oshirilayotgan  keng ko`lamli xususiylashtirish jarayoni, iqtisodiyotni rivojlantirish yo`lida izchillik bilan olib borilayotgan islohotlar natijalari, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi va “Angren” maxsus industrial zonasida sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay imkoniyatlar bilan tanishtirildi. Chexiya Respublikasi sanoat va savdo vazirining o`rinbosari, komissiya hamraisi Milan Govorka Chexiya O`zbekiston bilan barcha yo`nalishlarda hamkorlikni izchil rivojlantirish tarafdori ekanini alohida ta`kidladi. Majlisda ikki mamlakat o`rtasida savdo-iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo`nalishlari haqida fikr yuritildi. Savdo, sayyohlik, qishloq va suv xo`jaligi, transport va transport kommunikasiyalari, mashinasozlik, fan va texnika kabi sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirish, qo`shma korxonalar soni va o`zaro tovar ayirboshlash hajmini ko`paytirish, birgalikda istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Shu kuni O`zbekiston va Chexiya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo`lib o`tdi. Unda ikki mamlakatning iqtisodiy salohiyati, mavjud imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanish yuzasidan fikr almashildi. Eslatib o`tamiz, O`zbekiston va Chexiya o`rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o`tgan yili 2011 yilga nisbatan 32,3 foizga oshib, 77,5 million, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida esa 77,8 million AQSh dollarini tashkil qildi. O`zbekistonda Chexiya sarmoyasi ishtirokida yigirmaga yaqin qo`shma korxona faoliyat ko`rsatmoqda. Ular oziq-ovqat va go`sht-sut mahsulotlari, kiyim-kechak, qurilish materiallari, dori-darmon ishlab chiqarish va qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlash kabi sohalarda ish yuritadi.

    Boshqa yangiliklar