Prezident tomonidan tayinlangan Xalq ta`limi vaziri o`rinbosari Alisher Sa`dullaev Respublikamiz chekka hududlari bo`ylab o`zining ilk safarini boshladi. U safarini Navoiy viloyatning eng chekka tumanlaridan boshlashga qaror qildi.
Bu haqda uning o`zi shunday deydi:
“Vanihoyat men uzoq kutgan hududlarga safarim boshlandi. Xizmat safariga tayyorlanar ekanman, boshqacha bir hissiyot meni chulg`ab olgan edi. Navoiylik yoshlar bilan muloqot qanday o`tadi? Ularni ergashtira olamanmi degan o`ylar bilan xayolan tayyorlandim. Mening viloyat bilan tanishuvim Karmana tumanidan boshlandi. Dastlab tuman hokimiyatiga tashrif buyurdik. Bu erda karmanalik yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot bo`lib o`tdi. O`quvchilar tomonidan berilayotgan savollar, ulardagi tashabbuslar, ko`zlarining yonib turishi menga ham kuch bag`ishladi.”
Sa`dullaev viloyatning 10 ta tumanidan tashrif buyurgan 200 nafardan ortiq ijodkor yoshlar bilan “Adabiyotga e`tibor – kelajakka e`tibor” mavzusida ijodiy uchrashuv o`tkazdi.
Vazir o`rinbosari o`zining Feysbukdagi sahifasida safar uchun shahar atrofidagi tumanlarni emas, aynan markazdan 310 km uzoqlikdagi Uchquduq tumanini tanlaganini va shuningdek yo`lda Karmana, Navbahor, Konimex tumanlari va Zarafshon shahriga ham to`xtab o`tganini ma`lum qildi.
“Uchquduq tumanidagi “Kelajak” yoshlar markazida uchquduqlik yoshlar bilan dildan suhbatlashdik, g`oyalar almashdik, takliflarni muhokama qildik. Shundan so`ng Yoshlar ittifoqining tuman raisini saylash jarayonida qatnashdim. Men hamkasbimga chin dildan kelgusi faoliyatida omad tiladim”, deydi Sa`dullaev.
Rasmiy uchrashuvlardan so`ng u uchquduqlik faol yoshlar bilan norasmiy yuzma-yuz suhbat qurganini, ularni tinglab, bilganlarini o`rtoqlashganini aytdi. Alisher Sa`dullaev yoshlarga liderlik, ya`ni etakchilik sifatlarini shakllantirish bo`yicha mahorat darsi ham o`tagan.
So`ngra vazir o`rinbosari tumandagi ta`lim muassasalarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligini ham ko`zdan kechirdi va o`z ko`rsatmalarini berdi.
Vazir o`rinbosari tumanlardagi maktabgacha ta`lim muassasalarining faoliyatini o`rganarkan, ulardagi muammoni aytib, bunga o`z echimini taklif qildi:
“MUAMMO!
Bog`cha quvvati baland, ammo aholi o`z farzandlarini badal puli qimmatligi tufayli bog`chalarga berishmayapti (1b - 81,100 so`m)! Natijada bolalar bog`cha qamrovidan tashqarida qolib ketyapti!
EChIM!
Bu kabi yashashning o`zi jasorat bo`lgan zonalarda mahsus imtiyozlar taklif qilindi! Endilikda 2017-2021 Harakatlar Strategiyasidagi rejamizda bu zonalarda (xuddi Qoraqolpog`iston yoki Xorazm kabi) imtiyozli bolalar qamrovi yo`lga qo`yiladi! Bundan tashqari, shu kabi zonalarda bir nafardan ko`p farzandi bog`chaga keladigan oilalarga beriladigan chegirma va imtiyozlar ko`rsatkichi ortadi!"