24 iyuldan efirga chiqa boshlagan "O`zbekiston 24"ning barcha axborot dasturlari jonli efirda uzatilmoqda.
Jonli efirda xatolar bo`lishi esa tabiiy hol, deb yozadi "Daryo".
26 iyul kuni Turkiya milliy mudofaa vaziri Nurettin Janikli O`zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif davomida turkiyalik mehmon O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan qabul qilindi. Mazkur tashrif tafsilotlarini yoritarkan, telekanalning «Axborot 24» hisobot dasturida, katta ehtimol bilan texnik xodimlari aybi bilan, kichik bir xatolik sodir bo`ldi.
Boshlovchi Surayyo Ablakulova Prezident Shavkat Mirziyoev turkiyalik vazirni qabul qilgani haqida lavha berilishini e`lon qilgan bo`lsa-da, efirga mehmonning O`zbekiston mudofaa vaziri bilan uchrashuvi kadrlar uzatildi. Lavha tugashi bilan, Surayyo Ablakulova tomoshabinlardan uzr so`rab, endi Prezident qabuli bilan bog`liq axborotga navbat berilishini e`lon qildi.
Qayd etish joiz, Surayyo Ablakulova (Ermatova) O`zbekiston televideniesining eng taniqli boshlovchilaridan biri hisoblanadi. Uning zilzila vaqtida «Axborot» studiyasini vahima bilan tashlab chiqib ketishi aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda ayniqsa mashhurdir.