«GM Uzbekistan» AJ «Sirdaryoavtotexxizmat» MChJ xodimi Abdumurod Xakberdievni avtomobillarni sotishda Ikkinchi Jahon urushi qatnashchilariga berilgan sertifikatlardan foydalangan holda firibgarlikka yo`lga qo`yganligi sababli qo`lga olinganligi yuzasidan tarqalgan xabarlar yuzasidan quyidagilarni ma`lum qildi.
«GM Uzbekistan» AJ har qanday korrupsiyaga yo`l qo`yish holatini qoralaydi va har qanday lavozimdagi shaxs yoki tashkilot bo`lishidan qat`i nazar avtomobillarni sotishga urungan noqonuniy harakatga salbiy munosabatda ekanligini ma`lum qiladi.
Biz tomondan korrupsiyaning ko`rinishlarini oldini olish borasida bir qator choralar amalga oshirilgan (savdoning yangi tizimi, arizalarni elektron tarzda ro`yxatga olish, avtomobillarni topshirishda shaffoflikni ta`minlash va h.k.z).
Korxonaning va dillerlik tashkilotlarning har bir xodimi har qanday korrupsiya va firibgarlikka yo`l qo`ymasligi haqida yozma majburiyatni olgan, deyiladi kompaniya axborotida.
“Aytish joizki, mazkur holatda ham Abdumurod Xakberdiev boshqa xodimlar singari joriy yilning boshida yozma tarzda korrupsiya sohasida qonunchilik me`yorlariga amal qilishni bo`yniga olgan. Biroq, shunga qaramay u oqibatlar jiddiy bo`lishini ohirigacha tushunib etmagan. Shu bilan birga bir shaxsning harakatlari alohida holat bo`lib, uni aslo «GM Uzbekistan» AJ avtomobillarini sotish tizimiga butunlay ta`sir qilmasligi lozim. Kompaniyamiz uchun muhim jihat faoliyatni qonun doirasida amalga oshirish sanaladi, undan har qanday chekinish holati qonun bilan jazolanadi.”
Shu munosabat bilan, «GM Uzbekistan» AJ huquq-tartibot va sud organlariga ushbu holatni o`rganishda qo`lidan kelgan ko`makni berishga tayyorligini ma`lum qildi.
«GM Uzbekistan» kompaniyasi xodimlari tomonidan har qanday ta`magirlikka yo`l qo`yilgan holatlarda 147-14-14 ishonch telefonlariga yoki huquq-tartibot organlariga murojaat qilish mumkin.