Toshkentning Afrosiyob ko`chasida joylashgan Angel’s Cafe’da 2 avgust kuni yuz bergan yong`in tafsilotlari ma`lum bo`ldi.
Bu haqda kafe ma`muriyati "Daryo"ga ma`lum qildi.
Toshkent shahar yong`in xavfsizligi boshqarmasining ma`lumotlariga ko`ra, yong`inga kechasi yoniq qoldirib ketilgan kondisioner sabab bo`lgan. Yong`in oqibatida binonning orqa qismi, Angel`s Drive avtomobilchilari tayyor ovqatlarni olib ketishi uchun mo`ljallangan tizim olov ichida qolgan. Jarohat olganlar yo`q.

Yong`in tezkorlik bilan o`chirilgani bois alanga yuqori qavatlarga tarqalmagan. Noxush hodisa sodir bo`lgan kechadan beri voqea joyidan chiqindilar va yong`in oqibatida yaroqsiz holga kelgan buyumlarni yo`q qilish ishlari olib borilmoqda.




«Binoning ichki intereriga zarar etgan, mebellar qurum bilan qoplanganiga qaramay, muassasaning asosiy qismiga shikast etmagan», — deyiladi kafe axborotida.
Angel’s Cafe rahbariyati ushbu noqulaylik sabab mijozlaridan uzr va biroz sabr qilishlarini so`radi. Muassasa tez orada yana tashrif buyuruvchilarni mazali taomlar hamda birinchi darajali servis xizmatlari bilan mamnun etishga va`da berdi.






