Prezident Shavkat Mirziyoev 3 avgust kuni mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuv o`tkazgani haqida avval xabar bergandik.
Ushbu uchrashuv chog`ida davlatimiz rahbari to`y-ma`rakalar yuzasidan o`zlarining tanqidiy va tavsiyaviy fikrlarini aytib o`tdi.
“Joylarda bo`layotgan uchrashuv va muloqotlarda ko`p-ko`p odamlar menga aytayapti, Virtual qabulxonaga yozyapti, “To`y-ma`rakalarimizni bir tartibga solib beringlar”, deb murojaat qilyapti. Haqiqatan ham, ayni shu masala necha yillar, hatto asrlardan beri kun tartibidan tushmasdan keladi. Jadid bobolarimiz ham to`y-ma`rakalarimizdagi isrofgarchilik, dabdababozlik, maqtanchoqlik millatimizni ma`naviy tanazzulga etaklaydigan illat ekani haqida qanday kuyunib o`tganlarini yaxshi bilamiz. Mana, o`zinglar ko`ryapsizlar, soppa-sog` yurgan ayrim odamlar ellikka kirmasdan turib to`satdan insult bo`lyapti, infarkt bo`lyapti. Sababini surishtirsangiz, boshqalardan qolmaslikka tirishib, katta to`y qilaman, deb qarzga botgan bo`ladi. Hali qarzidan qutulmasdan, yana to`y qilishi kerak. Ochig`ini aytadigan bo`lsak, to`y-hashamlar bilan bog`liq ortiqcha xarajatlar ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki, butun hayotiga jiddiy salbiy ta`sir ko`rsatmoqda. Bugun hayotimizda ko`payib borayotgan oilaviy mojarolar, urush-janjallar, ajralishlar, qudalar o`rtasidagi sovuqchilik sabablari ham aksariyat hollarda xuddi shu narsaga borib taqaladi. Eng yomoni, ayrim pul topib aql topmagan, ma`naviy saviyasi past kimsalar to`y-hashamlar, ma`rakalarni o`tkazish bo`yicha musobaqa o`ynab, turli-tuman yangi odatlarni o`ylab topyapti. Bularni eshitib, ba`zan odam hayratdan yoqasini ushlab qoladi. Mana, Toshkentdagi to`ylarda “kelinnavkar” degan yana bir balo chiqibdi. Nima emish, endi kelinning ota-onasi qiziga qo`shib uning o`nlab dugonalarini ham bir xil kiyintirishi, yasantirishi kerak ekan. Bunday bemaza qiliqlar qaerdan chiqyapti? Yoshlarimiz kimdan o`rganyapti buni? Yaqinda o`tgan “Kamolot” qurultoyida men yoshlarning og`zini poyladim. Birorta yigit yoki qiz chiqib, “Ey, do`stlar, tengdoshlar, biz uylanamiz, turmushga chiqamiz deb ota-onalarimizni nihoyatda qiynab qo`ydik. Kelinglar endi, ularni bunday og`ir tashvishga qo`ymaylik, kelajagimizni, millatimizning sha`nini o`ylab, to`ylarimizni kamtarona, ixcham qilib o`tkazaylik”, degan gaplarni aytarmikan, deb kutdim. Afsuski, ulardan bu masalada hech qanday fikr eshitmadim.”
Ana shularni inobatga olib, Prezident to`y-ma`raka shaxsiy ish emas, balki ijtimoiy masala ekanligini qayd etdi hamda Bosh vazir A.Aripov, Bosh vazir o`rinbosari T.Norboevaga tegishli tashkilotlar bilan birgalikda oilaviy marosimlarni tartibga solish, ularni ixcham, isrofgarchilik va dabdabaga yo`l qo`ymasdan o`tkazish bo`yicha bir oy muddatda Prezident qarori loyihasini tayyorlash vazifasini topshirdi.






