AsosiyJamiyat

​O`ZBEKISTONNING YIRIK KOMPANIYaLARI IJODKORLARGA HOMIYLIK QILADI

'​O`ZBEKISTONNING YIRIK KOMPANIYaLARI IJODKORLARGA HOMIYLIK QILADI'ning rasmi

O`zbekiston Prezidenti kecha mamlakatimiz ijod ahli bilan o`tkazgan uchrashuvda etakchi ijodiy tashkilotlarning “do`stlari klublari”ni tashkil etish masalasini ilgari surdi.

“Bugun ma`rifatli dunyoda shunday an`ana mavjudki, yirik kompaniyalar, banklar, firmalar madaniy tashkilotlarga homiylik qilishni o`zlari uchun sharaf deb biladilar. Ba`zan, qani edi, bizda ham shunday homiylar ko`paysa, deb orzu qilaman. Ajdodlarimiz o`z davrida yaratgan ilmiy va ijodiy maktablarning vujudga kelishida avvalo ana shunday ma`rifatparvar homiylarning hissasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etgani yaxshi ma`lum. Shundan kelib chiqqan holda, yana bir taklifni o`rtaga tashlamoqchiman. Yurtimizdagi etakchi ijodiy tashkilotlarning “do`stlari klublari”ni tashkil etsak, ularga yirik korxona, bank va kompaniyalarni homiy sifatida biriktirib qo`ysak, shartnoma asosida ularning doimiy hamkorligini yo`lga qo`ysak, nima deysizlar? Masalan, Milliy bank rahbari Suxrob Xolmurodov biz O`zbekiston davlat konservatoriyasini otaliqqa olamiz, “Konservatoriyaning do`stlari klubi”ni tuzib, unga rahbarlik qilamiz, degan tashabbus bilan chiqyapti. Olmaliq kon-metallurgiya kompaniyasi rahbari, senator Aleksandr Farmonov esa “Biz O`zbekiston davlat san`at va madaniyat institutining do`stlari klubiga rahbarlik qilsak”, degan taklifni bildiryapti. Xalq banki “O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasining do`stlari klubi”ga rahbarlik qilmoqchi. Yaqinda faoliyati to`xtab qolgan Teatr arboblari uyushmasini qayta tiklash to`g`risida takliflar bildirilmoqda. Bu uyushma faoliyatiga “O`zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasining homiylik qilish haqidagi tashabbusini biz albatta qo`llab-quvvatlaymiz. “O`zoziqovqatsanoatxolding” xolding kompaniyasi Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambliga homiylik qilmoqchi. “O`zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati O`zbek Milliy akademik drama teatri bilan yonma-yon joylashgan. Kompaniya rahbariyati “Qo`shnimga yordam ko`rsataman, Milliy teatrning do`stlari klubiga rahbarlik qilaman”, deyapti. Rahmat ularga.”



Prezidentning qayd etishicha, shular qatorida Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston davlat akademik katta teatriga – “O`zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, O`zbek davlat drama teatriga – O`zbekiston yoshlar ittifoqi­, Muqimiy nomidagi O`zbekiston davlat musiqali teatriga – “O`zsanoatqurilishbank”, Respublika yosh tomoshabinlar teatriga – Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Respublika qo`g`irchoq teatriga – “O`zeltexsanoat” kompaniyasi homiylik qilish istagini bildirmoqda.

O`zbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatrini esa – “Kapitalbank”, O`zbekiston akademik rus drama teatrini – “O`zagrosug`urta” kompaniyasi, O`zbekiston yoshlar teatrini – “O`zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati, Respublika satira teatrini – “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati, “Tomosha” bolalar teatr-studiyasini – “Aloqabank”, “Diydor” teatr-studiyasini – “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki otaliqqa olmoqchi.

Xuddi shu asosda Bastakorlar uyushmasiga – “Asaka bank”, Rassomlar uyushmasiga – “O`zvinosanoatxolding” kompaniyasi, Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabiga – “Ipoteka bank”, Milliy rassomlik va dizayn institutiga – “O`zdonmahsulot” kompaniyasi, “O`zbekkino” milliy agentligiga – “O`zavtosanoat” kompaniyasi, O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga – Respublika tovar-xomashyo birjasi homiy bo`lish tashabbusi bilan chiqmoqda.

Mamlakatimizdagi etakchi muzeylarni, avvalo Adabiyot muzeyini moliyaviy qo`llab-quvvatlash ishlarini tashkil etish bo`yicha Moliya vazirligi va Davlat soliq qo`mitasi raisi Botir Parpiev amaliy takliflar bildirmoqda.

“Ayni vaqtda Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyat hokimliklari o`z hududlaridagi teatrlarga homiylik qilib, ularning faoliyatini kuchaytirish uchun 1 milliard so`mdan mablag` ajratish niyatida ekani barchamizni xursand qilmoqda. “O`tgan kunlar” filmida Yusufbek hoji aytganidek, qarang, bizning shunday ma`rifatparvar rahbarlarimiz bor ekan-u, biz bexabar yurgan ekanmiz. Kelinglar, barchamizning nomimizdan ularga rahmat aytib, ishlariga muvaffaqiyat tilaylik. Men ishonaman, bu rahbarlarimiz ijodiy uyushmalarga nafaqat moddiy, balki eng avvalo, ma`naviy yordam beradilar. Ya`ni, oila a`zolari, mehnat jamoalari bilan birgalikda teatrlarga, kino va ko`rgazma zallariga, konsertlarga borib, boshqalarga namuna ko`rsatsalar, nur ustiga nur bo`lardi”,

deydi davlatimiz rahbari.

    Boshqa yangiliklar