Prezident kuni kecha ijodkorlar bilan o`tkazgan uchrashuvida yig`ilganlarga Respublikadagi har bir musiqa va san`at maktabiga, ijodiy markazlarga taniqli adabiyot, san`at va madaniyat namoyandalarini badiiy rahbar yoki direktor sifatida tayinlash, ular uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berish taklifini ilgari surdi.
“Mana, davramizda G`ulomjon Yoqubov, Farrux Zokirov, Ortiq Otajonov, Yulduz Usmonova, Mahmud Namozov, Zulayho Boyxonova, Ozodbek Nazarbekov, G`afur va G`ulom Eshjonovlar, Gulsanam Mamazoitova kabi Xalq artistlari o`tiribdi. Sizlarning har biringiz bittadan san`at kolleji yoki musiqa maktabiga borib rahbarlik qilsangiz, men o`ylaymanki, bundan san`atimiz faqat yutgan bo`lar edi. Ayni vaqtda yuzlab shogirdlar etishtirib, o`zingizga haykal qo`ygan bo`lardingiz. Masalan, O`zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqovni yosh diktorlar maktabiga rahbar qilib qo`ysak, iqtidorli yoshlarimiz u kishidan juda ko`p bilim va tajribalarni o`rgangan bo`lar edi. Mashhur sozandamiz Abduhoshim Ismoilovning maqom ansambliga rahbarlik qilishi albatta yaxshi. Lekin u kishining ijodiy salohiyatidan yoshlar ham bahramand bo`lsa, nur ustiga nur bo`lardi. Men maqom yo`nalishida yangi kollej yoki musiqa maktabi ochishni, unga Abduhoshim Ismoilovni rahbar qilib tayinlashni taklif qilaman.”






