AsosiyJamiyat

​PREZIDENT “O`ZBEKISTON TEMIR YO`LLARI” AKSIYaDORLIK JAMIYaTI JAMOASIGA TABRIK YO`LLADI

'​PREZIDENT “O`ZBEKISTON TEMIR YO`LLARI” AKSIYaDORLIK JAMIYaTI JAMOASIGA TABRIK YO`LLADI'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati jamoasiga temiryo`lchilar kasb bayrami munosabati bilan tabrik yo`lladi. Tabrik matni O`zAda keltirildi.

Qadrli vatandoshlar!
Muhtaram do`stlar!
Avvalo, siz, azizlarni – “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati tizimida mehnat qilayotgan ishchi va xizmatchilar, quruvchi va muhandislar, mashinist va vagon kuzatuvchilari, barcha xodimlarni yurtimiz hayotida ilk bor nishonlanayotgan qutlug` sana – Temiryo`lchilar kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, barchangizga o`zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Mustaqillik yillarida butun mamlakatimiz qatori O`zbekiston temir yo`llari sohasi ham og`ir va mashaqqatli, ayni vaqtda sharafli shakllanish va rivojlanish yo`lini bosib o`tdi.
O`tgan davrda mamlakatimizning barcha hududlarini ishonchli va samarali bog`laydigan, xalqaro transport tarmoqlariga chiqishni ta`minlaydigan, mustaqil, yagona va yaxlit temir yo`l transporti kommunikasiyalari tizimi barpo etilgani, hech shubhasiz, shu yo`nalishda erishgan eng katta tarixiy yutug`imiz bo`ldi.
Sizlarga yaxshi ma`lum, hozirgi vaqtda yuk va yo`lovchi tashishning asosiy qismi temir yo`l sohasiga to`g`ri keladi va bu tarmoqning iqtisodiyotimizni rivojlantirishdagi ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Xalqaro transport tizimlarining ajralmas qismi va muhim bo`g`ini bo`lgan O`zbekiston temir yo`llarining xalqaro tashuvlar tizimidagi roli yangi bosqichga ko`tarilmoqda.
Qadim zamonlardan buyon Buyuk ipak yo`li va ko`plab savdo yo`llari tutashgan mintaqada joylashgan O`zbekistonning geografik jihatdan o`ta muhim o`rni bu zaminda turli sivilizasiya va madaniyatlararo muloqot va hamkorlik aloqalari muntazam amalga oshirilishi uchun qulay imkoniyat yaratgani shubhasiz, albatta.
Xalqaro hamjamiyatning e`tirof etishicha, O`zbekiston Sharq bilan G`arbni, Janub bilan Shimolni bog`laydigan ulkan transport-kommunikasiya va tranzit salohiyatiga ega.
Ana shu salohiyat va imkoniyatdan samarali foydalanayotgan “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyatining ko`p millatli jamoasi temir yo`l transporti kommunikasiyalarini rivojlantirish, takomillashtirish va rekonstruksiya qilish, temir yo`l orqali yuk va yo`lovchi tashish xavfsizligini ta`minlash borasida salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda.
O`tgan yillar davomida temiryo`lchilarimiz tomonidan 1100 kilometrdan ortiq yangi temir yo`llar barpo etilgani, 4 ming kilometrlik temir yo`l magistrallari modernizasiya qilingani, 1700 kilometrlik temir yo`l bog`lamalari elektrlashtirilgani tahsinga sazovordir.
Bu haqda so`z yuritganda, mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun g`oyat muhim strategik ahamiyatga ega bo`lgan va Amudaryo uzra qurilgan ko`prikni ham qamrab olgan Navoiy – Uchquduq – Nukus – Sulton Uvaystog`, Toshguzar – Boysun – Qumqo`rg`on va Angren – Pop temir yo`llarining bunyod etilishi bilan O`zbekistonning yagona va mustaqil temir yo`l tarmog`ini shakllantirish ishlari yakuniga etkazilganini ta`kidlash zarur.
Murakkab tog` va iqlim sharoitida bunyod etilgan, dengiz sathidan 1800 metr balandlikdagi tog` cho`qqilari orqali o`tgan va zamonaviy infratuzilma ob`ektlari bilan ta`minlangan, umumiy uzunligi 346 kilometr bo`lgan Toshguzar – Boysun – Qumqo`rg`on hamda Angren – Pop temir yo`llari Markaziy Osiyo mintaqasida noyob inshootlar hisoblanadi.
Ayniqsa, Angren – Pop elektrlashtirilgan yangi temir yo`li loyihasini amalga oshirishda O`zbekiston temiryo`lchilari bilan birga xitoylik mutaxassislar ham katta hissa qo`shganini alohida mamnuniyat bilan ta`kidlashni istardim.
2016 yilda ishga tushirilgan ushbu temir yo`l tarmog`i Farg`ona vodiysini mamlakatimizning boshqa hududlari bilan ishonchli bog`lash imkonini yaratish bilan birga, Xitoy – Markaziy Osiyo – Evropa yangi xalqaro tranzit temir yo`l tizimining ajralmas va muhim bo`g`ini bo`lib xizmat qilayotgani ayniqsa e`tiborlidir.
Yangi temir yo`llarning foydalanishga topshirilishi mamlakatimizning shimoliy va janubiy hududlarining iqtisodiy salohiyatini yanada rivojlantirish, mineral resurslar, neft va gaz, rangli metallar, qurilish materiallari va boshqa xomashyoga boy konlarni kompleks o`zlashtirish, eng muhimi, yangi ish o`rinlari yaratib, ming-minglab yurtdoshlarimizni ish bilan ta`minlash imkonini berayotgani barchamizni xursand qiladi.
Ana shu ishlarning izchil davomi sifatida Maroqand – Qarshi temir yo`l uchastkasida elektrlashtirish ishlari nihoyasiga etkazildi, Qarshi – Termiz temir yo`l uchastkasini elektrlashtirish ishlari jadal olib borilmoqda.
“O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyatining transport sohasidagi xizmat ko`rsatish darajasi va sifatini oshirish maqsadida harakatlanadigan tarkibni zamonaviy, yuqori samarali lokomotiv va qulay vagonlar bilan ta`minlash va modernizasiya qilishga alohida e`tibor berilmoqda. So`nggi yillarda 49 ta zamonaviy elektrovoz va 10 ta yo`lovchi tashiydigan teplovoz sotib olingani, 120 ta lokomotiv modernizasiya qilingani bu boradagi ishlar ko`lami tobora ortib borayotganini ko`rsatadi.
“Quyuv-mexanika zavodi” sho``ba korxonasida harakatlanadigan tarkibni ta`mirlash bazasini rivojlantirish, vagonsozlikni tashkil etish va quyuv korxonasini rekonstruksiya qilishga qaratilgan loyihani amalga oshirish jarayonida 26,5 ming tonna metall quyish quvvatiga ega bo`lgan korxona tashkil etildi, yangi yuk vagonlari, ko`p tonnali konteynerlar ishlab chiqarishni kengaytirish va yuk vagonlarini kapital ta`mirlash va qayta tiklash ishlari yakuniga etkazildi.
Ispaniyaning jahonga mashhur “Talgo” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob” elektropoezdlari qisqa muddatda xalqimiz va xorijiy mehmonlarning e`tibori va ishonchini qozondi, deb aytishga bugun barcha asoslarimiz bor.
Hozirgi kunda ushbu poezdlar poytaxtimiz Toshkent shahridan Samarqand, Buxoro, Qarshi kabi tarixiy shaharlarimizga qatnamoqda, yo`lovchilarimiz vaqtini ikki barobargacha qisqartirmoqda.
O`tgan davrda mamlakatimizda 16 ta yangi temir yo`l vokzali bunyod etildi, 9 ta vokzal rekonstruksiya qilindi hamda yo`lovchilarga xalqaro standart va talablar darajasida xizmat ko`rsatish imkonini beradigan zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlandi.
Mustaqillik yillarida temir yo`l transporti kommunikasiyalarini rivojlantirish va infratuzilmalarni obodonlashtirish maqsadida 7,5 milliard dollardan ortiq kapital qo`yilmalar, jumladan, 2,4 milliard dollarlik xorijiy investisiyalar yo`naltirildi.
Bugungi imkoniyatdan foydalanib, yo`l, energiya ta`minoti, telekommunikasiyalar, lokomotivlar, vagon va konteynerlardan foydalanish, yo`lovchi tashish xo`jaliklari, shuningdek, tarmoq loyihachilari, quruvchilari hamda sanoat korxonalari mamlakatimiz temir yo`l tizimini rivojlantirishga, uning samarali faoliyat ko`rsatishiga salmoqli hissa qo`shayotganini minnatdorlik bilan qayd etmoqchiman.
“O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan kundan buyon yuk tashish hajmi 2,1 marta, yo`lovchi tashish hajmi 2 barobar ko`paygani, temir yo`llar orqali 1,4 milliard tonna yuk tashilib, 350 million yo`lovchi o`z manziliga etkazilgani sizlarning fidokorona mehnatingiz bilan amalga oshirilgan ishlar salmog`i naqadar katta ekanidan dalolat beradi.
O`z tarkibida 73 ming nafar yuqori malakali injener-texnik xodim va mutaxassislar, yo`lsozlar, mashinistlarni, sanoat, loyiha va qurilish korxonalari, ijtimoiy infratuzilma ob`ektlarining ishchi va xizmatchilarini birlashtirgan mehnat jamoasi, hech shubhasiz, tarmoqning bunyodkor kuchi, bebaho boyligidir.
Aynan ana shunday o`z kasbiga sadoqatli va fidoyi yurtdoshlarimizning sidqidildan qilayotgan samarali mehnati, bilim va tajribasi tufayli temir yo`l tarmog`i xalqimiz o`rtasida haqli ravishda obro`-e`tibor, hurmat va ehtiromga sazovor bo`lib kelmoqda.
Hurmatli temir yo`l transporti xodimlari!
Sizlarni bugungi kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, fidokorona mehnatingiz, Vatanimiz ravnaqi va farovonligi yo`lida qo`shayotgan munosib hissangiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.
Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, ezgu ishlaringizda yangi-yangi muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga tinchlik-osoyishtalik va fayzu baraka tilayman.

Shavkat Mirziyoev,

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Boshqa yangiliklar