AsosiyJamiyat

​ OLOVLAR YuRTINING MO``JIZALARI

'​                                      OLOVLAR YuRTINING MO``JIZALARI'ning rasmi


“...Yakshanba kuni Bokug`a chiqdik. Shaharning rus va musulmon qismidagi do`konlar, katta korxona va mag`ozalari, matbaalari tamoman ochuq, chunki, musulmonlar jum`a kuni do`kon va korxonalarini berkitib, iyd qilar ekanlarkim, bul joy ibrat va tahsindur. Bokuni ko`rgonimga o`n besh sana bo`lur. Ondan beri xiyla vus`at topib, imoratlari besh-olti tabaqagacha yuksalibdur. Dengiz kanorida yangi besh tabaqalik katta bir imorta bor ekan...”

Milliy uyg`onish davrining etuk namoyandasi Mahmudxo`ja Behbudiy “Oina” jurnalining 1914 yildagi 35 sonida bu shaharni ana shunday ta`riflagandi.

Hazarning labidagi xol

Oradan bir asrdan ko`proq vaqt o`tdi. Zamonlar, siyosiy tuzumlar o`zgardi. Bugungi Boku tom ma`noda 21 asr tamaddunining barcha xususiyatlarini o`zida mujassam etgan yirik megapolisga aylangan. Endilikda bu erda nafaqat besh-olti, balki, o`nlab qavatli osmono`par binlolarni, yangidan-yangi imoratlarni, Sharq va G`arb me`morchilik an`analari asosida bunyod etilgan muhtasham inshootlarni ko`rish mumkin.

Ma`lumot o`rnida: Boku – Kaspiy dekngizi bo`yida, Apsheron yarimorolida joylashgan shahar, Ozarboyjon respublikasining poytaxti. Ayni paytda taxminan 4 millionga yaqin kishi istiomat qiladi.

Ozar va o`zbek xalqlarining munosib farzandi, sevimli shoirimiz Maqsud Shayxzoda Bokuni Kaspiy dengizining labiga qo`ngan nafis xolga o`xshatgan edi. Chindan ham Boku Osiyo qit`asidagi eng go`zal va yirik port shaharlaridan sanaladi.

Bokuning boshqa shaharlardan ajratib turidagn jihatlaridan yana biri bu Hazar shamolidir. Shaharning qay go`shasiga bormang, namxush va sarrin shabbodalar sizni mayin erkalaydi. Park va xiyobonlardagi daraxtlar muntazam chayqalib, uzluksiz, mungli bir taronni jo`r bo`lib kuylaydi, go`yo. Bu shaharni bejiz “Shamollar shahri” deb yuritishmaydi. Zotan, ba`zi ma`lumotlarga ko`ra, Boku so`zining lug`aviy ma`nosi ham “Bodi Kubo” (shamollar shahri ) jumlasidan olingan.

Oynadan bir paytlar kitoblarda, gazeta va jurnallarda ko`rganim – tanish manzaralar tez-tez o`tib boryapti. Mana, Hukumat uyi. Evropa va Sharq me`morchilik an`analari asosida qurilgan bu bino Bokuning eng mashhur inshootlaridan biri. Mana, Milliy akademik teatri. Uning qarshisida. Sharq she`riyatining bubk namoyandasi Muhammad Fuzuliyning muhtasham haykali salobat to`ktib turibdi. Bir paytlar sevimli shoirimiz Erkin Vohidov ana shu yuksak obidaga bag`ishlab ajoyib she`r bitgan edi:

Ellar, bir daqiqa to`xtang esishdan,

Sernavo bulbullar, sayramang biroz,

Karbalo dashtida yayov kezishdan

Charchab dam olmoqda Fuzuliy ustoz...

Shaharning eng mahzun go`shasi

...”Shahidlar xiyoboni” Bokuning eng so`lim, bahavo qismida joylashgan. Ta`bir joiy bo`lsa, xiyobon shaharning eng fayzli, eng sokin, ayni paytda eng mahzun go`shasidir. Shaxarning har bir ko`chasini sarsari kezguchi Hazar shabbodasi ham shu erga kelganda bir zum tin oladi, go`yo: Bu erda Vatan ozodligi uchun jon bergan istiqlol fidoyilarining xoki mangu qo`nim topgan.

Turnaqator saf tortgan marmar sag`analarning har biri ostida ayri bir taqdir, erta xazon bo`lgan orzu-umidlar, eng muhimi asrlarga tatigulik mardlik va jasorat timsollari yotibdi.

...1990 yilning 20 yanvar kuni sobiq imperiyaning qurolli kuchlari o`z haq-huquqlarini, milliy mustaqilligini talab qilib, namoyishga chiqqan Boku aholisi ustiga yurish qilgan edi. O`nlab, yuzlab begunoh insonlarning qoni to`kildi.

Ular Vatan ozodligini ko`ra olmay, armon bilan ko`z yumgan edilar. Vaqti kelib, haq joyida qaror topdi. 1991 yilning 18 oktyabrida Ozarboyjon o`z mustaqilligini qo`lga kiritdi. Xiyobonning dengizga tutash qismida bir paytlar sobiq tuzumning siyosatdonlaridan biri Sergey Kirovning serhasham haykali qad rostlagan edi. Vaqt hamma narsaning o`z bahosini berdi. Endi bu erda Vatan erki uchun jon fido qilgan shahidlar sharafiga muhtasham yodgorlik majmuasi ko`kka bo`y cho`zib turibdi. Xiyobondan ziyoratchilar qadami uzilmaydi. Mamlakatga tashrif buyurgan oliy martabali mehmonlar ham Boku ziyoratini aynan shu qadamjodan boshlaydilar.

“Icheri shahar” jozibasi

Icheri shahar – Bokuning Bokuning qadimiy obilalar joylashgan tarixiy qismi. Bugungi zamonaviy hayot nafasi ufurib turgan shaharning qoq markazida qadim moziyning bir parchasi joylashgan, desak xato bo`lmaydi. Uning atrofi mustahkam tosh devorlar bilan ihota qilingan. Tor ko`chalar faqatgina piyodalar uchun mo`ljallangan. Bu ko`chalar ko`zga qadrdon, tanish tuyuladi. Chunki, “Arshin Mol-olon”, “Brilliant qo`l”, “Odam-amfibiya” singari mashhur filmlarda ko`rganmiz bu tor va sehrli ko`chalarni.

Icheri shahar nimasi bilandir o`zimizning Xivadagi Ichan-Qal`ani eslatadi. Bu erda xuddi Xivadagi singari bir necha asrlarni qaritgan tarixiy obidalar, tura-joylar bilan birga esdalik sovg`alari bilan savdo qiluvchi do`konlar, restoran va mehmonxonalar joylashgan. Tosh to`galgan ko`chalardan ertayu kech odam oyog`i uzilmaydi. Asriy chinorlar soyasida mo`ysafidlar o`tgan-ketganlarni yodga olib choyxo`rlik qilishadi.

Icheri shahardagi qadimiy obidalardan yana biri Buxoro karvonsaroyi deb nomlanadi. Hozir bu obida ichida milliy taomlar tayyorlanadigan maxsus restoran joylashgan. Karvonsaroy qurilishi, me`moririy ko`rinishi jihatidan rostdan ham Buxorodagi tarixiy yodgorliklarni esga soladi. Karvonsaroy hovlisida kichkina marmar hovuz, uning atrofida esa, keksa chinorlar...

Mezbonlarning hikoya qilishicha, Markaziy Osiyo va Ozarboyjon xalqlari orasida azaldan nafaqat madaniy, diplomatik, balki, savdo sotiq borasida muayyan aloqalar o`rnatilgan. Jumladan bu borada Buxoro bilan mustahkam hamkorlik yo`lga qo`yilgan edi. Buxorolik savdogarlar Bokuga tez-tez kelib turishgan. Ular asosan, shu erda qo`nim topishgani uchun kavronsaroyga ham Buxoro nomi berilgan bo`lishi mumkin.

Icheri shaharda o`rta asrlarda qurilish va arxiterktura yanada rivojlandi. Shirvonshohlar, Oqquyunlilar, Qoraquyunlilar, Temuriylar, Safaviylar, Afsharlar va boshqa ko`plab sulolalar davrida shahar hududida bunyod etilgan ko`pgina masjid va madrasalar, hammom va ko`priklar, karvonsaroylar hali-hamon o`tmishning shonli shohidlari sifatida qo`r to`kib turibdi.

Bu qal`a toshli qal`a...

Qiz qal`asi... Bokuning tashrifnomasi deya nom olgan bu qadimiy obida haqida ko`p o`qiganman. Qadimiy Sharq me`morchiligi uslubida bunyod etilgan bu azim inshootning dovrug`i etti iqlimga taralgan desak, mubolag`a bo`lmaydi. Icheri shahardagi eng muhtasham, betakror obidalardan biri dengiz qirg`og`ida qad rostlagan Qiz Qal`asidir.

Bu me`moriy obida Ozarboyjonning, ozar xalqining milliy iftixori, tarixiy qadriyatlari timsoliga aylanib ketgan desak, xato bo`lmaydi. U haqda turli-tuman rivoyatlar, afsonalar, maqolu matallar, qo`shiq va laparlar ham to`qilgan.

Shu paytga qadar mazkur obida milodiy o`n ikkinchi asrda, Shirvonshohlar davrida bunyod etilgan deb qaralardi. Ammo, keyingi yillarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar qal`aning asosi islom dini kirib kelishidan avval avval eramizdan avvalgi 4-3 asrlarda qurilganini ko`rsatdi.

Ma`lumotlarga qaragnad, qal`a dastlab, otashparastlar uchun otashgoh vazifasini o`tagan. Qal`aning quyi qismida zardo`shtiylar topinadigan maxsus manqallarda muqaddas olovlar muntazam yonib turgan. Qal`a atrofida olib borilgan tadqiqlotlar davomida tunu kun o`chmaydigan muqaddas olov va manqal qoldiqlari topilgan.

12 asrda, islom madaniyati gullab yashnab bir paytda mashhur me`mor Mas`ud ibn Dovud tarafidan qal`a harbiy istehkom sifatida qaytadan barpo etilgan. Afsuski, tarixiy manbalarda me`morning hayoti, faoliyati bilan bog`liq juda oz ma`lumotlar bizgacha etib kelgan. Undan chindan bu hayotda yashab o`tgani va betakror san`at sohibi bo`lganini isbotlovchi eng katta va ishonchli manba shu – Qiz qal`asidir.

Sakkiz qavatdan iborat qal`aning tepasiga maxsus, aylanma zinapoya yordamida chiqiladi. Har qavatda milliy hunarmandchilik va xalq amaliy san`ati namnularidan iborat ekspozisiyalar o`rin olgan.

O`rta asrlarda dengiz qirg`ig`idagi bu qal`a mayoq vazifasini ham o`tagan. Qal`a tepasidagi soqchilar dengiz tarafdan kelayotgan yot kemalarni darrov payqab pastdagilarga xabar qilishgan. Shu paytgsha qadar biror bir dushman bu qal`ani zabt etolmagani uchun unga “Qiz qal`a” ya`ni daxlsiz, bokira, iffatli qal`a deya nom berilgan.

Qiz qal`asi Ozarboyjon og`zaki va yozma adabiyotida ham tez-tez tilga olinadi. U haqda xalq orasida turli afsonalar, qo`shiqlar bizning zamonamizgacha etib kelgan. Bu betakror inshootga bag`ishlangan she`rlar ko`plab shoirlar ijodida uchraydi.

Mashhur shoir Nabi Xazriyning “Qiz qal`asi” she`rida quyidagi o`tli misralar bor:

Yillar kechdi ellar kabi bosh ustidan,

Necha daf`a yog`in yog`di, bo`ldi bo`ron,

Otding qachon yuzingdagi niqobni sen,

Jamolingni ellar ko`rib, bo`ldi hayron

Asrlarning mag`rur sasi, Qiz qal`asi,

Ey go`zallik nishonasi, Qiz qal`asi!..

Ko`kka bo`y cho`zgan binolar

Haydar Aliev markazi shahardagi eng go`zal, muhtasham inshootlardan biri. Ozarboyjon xalqinnig umummilliy lideri, mamlakatning uchinchi prezidenti Haydar Aliev nomi berilgan ushbu madaniyat markazi uzoqdan dengiz sohilida yotgan oppoq chig`anoqni eslatadi. 2007 yilda qurilgan mazkur inshoot 2014 yilda dunyodagi eng go`zal bino sifatida tan olingan va Design of the Year mukofotiga loyiq ko`rilgan.

Aytishlaricha, tepadan turib qaralsa, Harydar Aliev markazi binosi xuddi marhim davlat rahbarining imzosiga o`xshab ketarkan. Mazkur muhtasham binoda davlat va xalqaro miqyosdagi yirik anjumanlar, tardirlar o`tkaziladi. Boku gumanitar forumi ham shular jumlasidan.

Bokudagi o`zzamonaviy inshootlardan yana biri “Olov minoralari” bo`lib uni inglizchada “Flamme towers” deb ham atashadi. Darhaqiqat shahardagi eng balanb majmu sanalgan ushbu inshoot olisdan xuddi alanganing ko`kka bo`y cho`zayotgan tillariga o`xshab ko`rinadi. Bino to`liq LED-ekran bilan qoplangan bo`lib, u tunla ham u o`zidan davlat bayrog`i ranglari bo`lgan ko`k, qizil va yashil ranglarda shu`la taratib turadi. 2012 yilda qurib bitkazilgan mazkur binodan mehmonxonalar, turli yirik xorijiy kompaniyalarning vakolatxonalari, savdo majmualari, turar-joylar o`rin olgan.

Bokuda so`nggi yillarda bunyod etilgan bu kabi mo``jizakor binolar mamlakatning iqtisodiy va bunyodkorlik salohiyati ortib borayotganini ko`rsatadi.

Toshlarda aks etgan tarix

Boku shahridan mamlakatning janubiy hududlariga olib chiquvchi keng va ravon yo`l yoqalab 50 kilometr chamasi yo`l bosish evaziga bir necha o`n ming yil uzoqlikdagi moziyga sayohat qilish imkoni tug`iladi. Mazkur safarimizda yozuvchi va professor Voqif Sultonli hamrohlik qildi.

Asriy qoyalar etagida qurilgan Gobuston muzeyida zamonaviy multimedia vositalari ko`magida mazkur hududning geografik joylashuvi, tarixi, qadimgi manzilgohlardagi hayot tarzi, qoyatoshlardagi petrogliflar namunalari bilan tanishish mumkin. Muzey xonalarini aylanar ekansiz, o`zingizni beixtiyor qadimgi odamlar yashaydigan g`orga tushib qolgandek tasavvur qilasiz. Beixtiyor qulog`ingiz vahshiy hayvonglar o`kirigi, ibtidoiy odamlarning g`ayrioddiy xitoblar, qadimgi zarbli cholg`ularning yovvoyi sadolari chalinadi. Bular shunchaki zamonaviy texnologiyalarning mo``jizasi, xolos. Haqiqiy o`tmish bilan yuzlashish uchun esa, hali biroz piyodalab, tepaga, tog` tomonga yurishingiz kerak.

Qator saf tortgan mo`ysafid qoyalar, ming yillar sinoatini bag`rida yashirib yotgan ulkan xarsanglar... Butun borliqni ajib, sirli bir sokinlik o`z izmiga olgan. Faqat sayyohlar yurishi uchun maxsus yasalgan tosh yo`laklar, zinapoyalar, yo`l ko`rsatuvchi belgilar, ming-ming yillik toshlar qarshisida “iltimos, qo`l tekkizmang” qabilida bitilgan eslatmalar bo`lmasa, o`zingizni bemalol ibtidoiy jamoa tuzumi davrida tushib qolgandek his etishingiz mumkin.

Katta Kavkaz tog` tizmalari va kasiy dengizi orlig`ida joylashgan Gobuston Davlat tarixiy-badiiy qo`riqxonasi Qoratog` tumani Gobuston qasabasida joylashgan bo`lib, 537 gektar maydonni egallaydi.

Mutaxassislar hududdagi Buyuktosh, Kichiktosh, Ching`irtog` qoyalari oralig`ida g`or va xarsangtoshlar ustida o`yib, tirnab ishlangan olti mingga yaqin turli shakllarni – petrogliflarni topishgan. Ushbu qoyalarda qadimgi odamlar, ov manzaralari, turli raqslar, bug`u, jayron, to`ng`iz, tulki, ot, sher singari hayvonlar, kemalar tasvirini ko`rish mumkin.

Mazkur qoyalarda shuningdek milodiy birinchi va 14 asrlarga oid bitiklar ham uchraydi. Lotin tilidagi toshbitik milodiy 84-96 yillar oralig`ida bitilgan bo`lib, bu erda Rim imperatori Domisian Sezar Avgust zamonasida 12 legion boshlig`i Lusiy Yuliy Maksim kelbi ketgan” degan yozuv uchraydi. Tarixiy ma`lumotlarga ko`ra, mazkur legion Rimm imperiyasining eng olis nuqtagacha etib borgan harbiy bo`linmasi bo`lib, Apsheron yarimoroli hududida mahlliy aholi vakillari tomonidan qaqshatqich zarbaga uchragan. Fors tilida bitilgan 14 asrga mansub bir toshbitikda “Imod Shakiy bu erga keldi, ibodat qildi va ketdi” deb yozilgan. Shundan, bu hududda o`rta asrlarda muqaddas qadamjolardan biri mavjud bo`lgani oydinlashadi.

Mashhur norveg adibi, olimi va sayyohi Tur Xeyerdal ham Gobustonga ikki marta kelgan va bu erdagi tasvirlarni qiyosiy o`rgangan. Uning fikricha bu erdagi qoyatosh rasmlari Norvegidan topilgan petrogliflar bilan deyarli bir xil. Shu bois skandinaviyaliklar ham aynan kavkaz hududlaridan borib qolgan bo`lishi mumkin, degan fikrni ilgari surgan.

Gobustonda ikkita tosh ustiga zargarona mahorat bilan o`rnatilgan uchinchi tosh har bir sayyohning e`tiborini tortishi tabiiy. Bu toshlar mahalliy tilda “gavaldash” (nog`ora-tosh) deb ataladi. Bu toshlar shunday joylashtirilganki, ularning ostida o`tayotgan havo tepadagi yassi toshga qattiq jism yoki tosh parchasi bilan urilganda, o`ta baland, jarangdor ohang chiqaradi. Bu qadimgi odamlar uchun o`ziga xos cholg`u asbobi, shu bilan birga muhim axborot vositasi vazifasini o`tagan. Chunkp uning sadosi olis olislargayacha etadi. Demakki, bu xarsangtosh olisda, ov yoki boshqa maqsadda otlangan qabiladoshlarning o`zaro aloqa vositasi vazifasini bajargan.

“Nizomiy olsa Barda` birla Ganja...”

Barda – Ozarboyjonning eng ko`hna shaharlardan biri. Bokudan 260 chairim masofada joylashgan bu shahar haqida tarixiy ma`lumotlar juda ko`p. Shahar o`zining betakror tarixiy obidalari bilan ham mashhur.

“Hamsa”ning “Iskandarnoma” dostonida Iskandar Zulqarnayn va nushoba hikoyati keltiriladi. Iskandar Ozarbayjon hududidan o`tar ekan, odil va oqila Nushoba haqida ko`p yaxshi fikrni eshittan edi. U Nushoba huzuriga bormoqchi bo`ladi. Lekin to`satdan bu tashrifdan o`zini tiyadi.
Iskandar hiyla ishlatib ust-boshini almashtirib elchi sifatida Barda` hokimasi Nushoba huzuriga kirib boradi. Lekin Iskandar o`zining xatti-harakati, muomalalari bilan o`zini sezdirib qo`yadi. Nushoba uni qattiq uyaltiradi. Nushoba uchun kim bo`lishidan qat`iy nazar u mehmon edi. Unga izzat-ikrom ko`rsatar edi. Nushobaning aql-idrok bilan ish yuritishi Iskandarni hayratga soladi.

Ma`lumotlarga ko`ra, shahar milodiy beshinchi asrlarda Kavkaz Albaniyasining hukmdori Vache Ikkinchi toomnidan asos solingan. Shahar shu paytga qadar juda ko`p taloto`plarni, bosqinlarni boshidan kechirgan. Shaharning tarixiy obidalaridan biri 1322 yilda qurilgan Ahmad Ibn al-Ayyub al-Hofiz Naxchivoniy maqbarasidir. Ayni paytda mazkur maqbarada ta`mirlash ishlari davom etmoqda.

Maqbara darvozasi nimasi bilandir Samarqanddagi Shohi Zinda me`moriy yodgorligidagi obidalaridagi bezaklarni yodga soladi. Binoning peshtoqida Ahmad ibn al-Hofiz naxichevoniyniyning ismi, yon tomonida esa, Naba` surasining ilk oyatlari tushirilgan.

Alisher Navoiy ham bu shaharning tarixi bilan yaxshi tanish bo`lgan. Uning asarlarida bu shahar nomi ham tilga olinadi. “Farhod va Shirin” dostonida Navoiy g`oyibona ustozi Nizomiy haqida so`z yuritarkan, yozadi:

Nizomiy olsa barjda` birla Ganja,

Yana rum ahliga ham qilsa ranja...

Agar bir qavm, gar yuz,, yo`qsa mingdur,

Muayyan turk ulusi xud meningdur.

Otashgoh bag`ridagi harorat

Boku yaqinidagi eng qadimiy va mo``jizakor maskanlardan biri Otashgoh majmuasidir. Bu mavzu Boku markazidan taxminan 30 kilometr masofada, Suraxoni tumanida hududida joylashgan. Majmua hovlisi markazida, to`rtburchak ko`rinishdagi mehrobda bir necha asrdan beri miuqaddas olov yonib turibdi.

Ma`lumotlarga ko`ra Ozarboyjon hududida o`tmishda zardo`shtiylik dini keng tarqalgan. Mazkur hududda keyinchalik islom dini tarqalgan bo`lishiga qaramay, zardo`shtiylar yashab, o`z diniy arkonlarini bajarib kelishgan. Shirvon va Shimoliy Hindiston o`rtasidagi savdo aloqalari rivojlanishi natijasida hind savdogarlari bu manzilla tez-tez to`xtab o`tishgan. Shu bois 1713 yilda hindlar tomonidan aynan zardo`shtiylarni mazkur qadimiy ziyoratgohi o`rnida ibodatxona barpo etishgan. Shu tariqa bu obida ham zardo`shtiylar, ham hindular uchun muqadaddas makon bo`lib kelmoqda. Bino devorlaridagi sanskrtit va forsiy tilidagi bitiklar bundan dalolat beradi.

Bugun “Otashgoh dunyoning turli go`shalaridan kelgan sayyohlarning qadami uzilmaydi. Otashg`goh hujralarida uning tarixiy bilan tanishish uchun barcha zamonaviy imkoniyatlardan foydalanilgan. Hujralarda zurduo`shtiy va hindu rohiblarining timsollari o`rnatilgan.

1820 yilda Otashgohga kelgan frunskz konsuli Jak Fransua Gamba mazkur maskan otashparastlar va hindularning ibodat maskani ekani haqida qimmatli ma`lumotlarni yozib qoldirgan. Mazkur inshoot ham mustaqillik yillarida qayta ta`mirlanib, YuNESKOnin butunjahon madaniy merosi rzo`yxatiga kiritilgan.

Rustam Jabborov

    Boshqa yangiliklar