Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining yaqinda bo`lib o`tgan sessiyasida viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i A.Jo`raev tibbiyot muassasalari, jumladan, tez tibbiy yordam xizmati faoliyatining samaradorligi yuzasidan bergan axboroti «Zarafshon» gazetasida sog`liqni saqlash tizimiga oid ayrim fakt va raqamlar to`liq e`lon qilindi.
Bugungi kunda viloyatda 350 dan ortiq tibbiyot muassasasi 3 million 200 mingdan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko`rsatib kelmoqda.
Viloyat sog`liqni saqlash muassasalarida 45 ming nafarga yaqin, jumladan, 7672 nafar oliy ma`lumotli vrach, 28 ming nafarga yaqin o`rta maxsus ma`lumotli hamshira faoliyat ko`rsatmoqda.
Viloyat aholisiga jami 197 ta tez tibbiy yordam avtomobillariga ega bo`lgan tez tibbiy xizmat tizimi imkoniyat doirasida xizmat ko`rsatib kelmoqda.
Mazkur sohada amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda, ko`plab kamchiliklar, dolzarb masalalar mavjud.
Jumladan, Urgut, Past Darg`om, Kattaqo`rg`on tumanlarida belgilangan oilaviy poliklinikalar, Kattaqo`rg`on, Past Darg`om, Urgut tumanlarida belgilangan tez tibbiy yordam shoxobchalari o`z vaqtida tashkil qilinmagan.
Tez tibbiy yordam xizmatlarini qo`shimcha ravishda 111 ta avtomashina bilan ta`minlash ishlari oxiriga etkazilmagan. Mavjudlari zamonaviy aloqa vositalari (rasiya) bilan ta`minlanmagan.
Shuningdek, tez tibbiy yordam brigadalari Urgut, Payariq, Nurobod, Kattaqo`rg`on, Qo`shrabot tumanlarida vrachlar bilan to`liq ta`minlanmagan, Nurobod, Kattaqo`rg`on, Qo`shrabot, Oqdaryo, Paxtachi, Toyloq tumanlarida esa tez tibbiy yordam brigadalarida vrachlar o`rniga feldsherlar xizmat ko`rsatmoqda.
Past Darg`om, Toyloq, Payariq, Urgut, Kattaqo`rg`on tumanlarida tez tibbiy yordam brigadalari zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta`minlanmagan, Kattaqo`rg`on, Payariq, Urgut tumanlarida tez tibbiy yordam bo`lim va shoxobchalari joylashgan 119 ta binodan 64 tasi ta`mirtalab, 10 tasi yangi binoga muhtoj.
Yangi tashkil etiladigan va faoliyati kengaytiriladigan xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish uchun "Asakabank" tomonidan 1 million AQSh dollari miqdoridagi kredit mablag`larini ajratish muddatlari cho`zib kelinmoqda.
Mahalliy byudjetdan tibbiyot muassasalariga ajratilayotgan mablag`lar amaldagi sarf-xarajatga nisbatan kamligicha qolmoqda. Bu esa aholiga tibbiy xizmat ko`rsatishda jiddiy kamchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Misol uchun, birgina Samarqand shahridagi 3-son tug`ruq majmuasiga faqat dori-darmon va tibbiy buyumlar sotib olish uchun ajratilgan mablag`lar miqdori shu yo`nalishdagi sarf-xarajatlarning bor-yo`g`i 13 foizini tashkil qiladi. Ishtixon tuman tibbiyot birlashmasida bu ko`rsatkich 10 foizga ham etmaydi.
Viloyatdagi sog`liqni saqlash muassasalarida mutaxassislar etishmasligi bilan bog`liq muammolar qator yillardan buyon o`z echimini topmayapti. Tibbiyot muassasalarida ftiziatr, psixiatr, onkolog, infeksionist, gematolog, rentgenolog va umumiy amaliyot shifokorlariga ehtiyoj katta. Mutaxassislar malakasini oshirish bo`yicha belgilangan rejalar ijrosi ta`minlanmayapti. 2017 yilning o`tgan davri mobaynida malaka oshirishi lozim bo`lgan jami vrachlarning 12,1 foizi, hamshiralarning esa 10,5 foizi malaka oshirgan, xolos.
Viloyatda onalar va go`daklar o`limi 2017 yilning birinchi yarmida 2016 yilga nisbatan kamaygan bo`lsa-da, 6 oyda 6 nafar ona va 283 nafar go`dak o`limi qayd etilgani bunday holatlarning oldini olish borasidagi ishlar talab darajasida yo`lga qo`yilmaganini ko`rsatadi.
Patronaj xizmati imkoniyatlaridan zarur darajada foydalanilmagani, tegishli nazorat va targ`ibot ishlarining susaytirilgani oqibatida viloyatda joriy yilning 6 oyida 15-16 yoshdagilar o`rtasida 8 ta tug`ruq qayd etilgan va bu salbiy ko`rsatkich 3 taga ko`paygan.
Viloyat sog`liqni saqlash tizimida qonunbuzarlik holatlariga to`liq barham berilmayapti. Prokuratura organlari tomonidan keyingi 2,5 yilda 552 nafar tibbiyot xodimi intizomiy, 665 nafari ma`muriy javobgarlikka tortilgan.
Yuqorida bayon etilgan holatlarni bartaraf etish maqsadida xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi Qaror ishlab chiqishdi va Qaror ijrosini nazorat qilishni mutasaddi shaxslarga yukladi.






