​HAJGA QORADORI OLIB O`TMOQChI BO`LGAN O`ZBEKISTONLIK QO`LGA TUShDI

Jinoyat 19.08.2017, 09:59
​HAJGA QORADORI OLIB O`TMOQChI BO`LGAN O`ZBEKISTONLIK QO`LGA TUShDI

Davlatimiz tomonidan yurtdoshlarimizning islom dinining ulug` arkonlari, jumladan, haj va umra amallarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, joriy yilda ham 7350 nafar O`zbekistonlik ziyoratchilar muborak haj safariga yo`l olishmoqda.

Afsuski, muqaddas va tabarruk zaminga ruhan poklanish maqsadida emas, aksincha o`z nafsi izmida yo`l olgan shaxslar ham uchrab turibdi.

Samarqandlik Sh.Ahrorov ham ana shunday yurtdoshlarimiz safida bo`lishi mumkin edi. Joriy yilda haj mavsumiga borish baxtiga muyassar bo`lgan ushbu shaxs o`zining shaytoniy nafsiga erk berishi oqibatida ana shu beqiyos imkonni qo`ldan boy berdi.

Joriy yilning 11 avgust kuni Samarqand xalqaro aeroportida ham katta taraddud bilan ziyoratchilarni haj safariga kuzatish ishlari tashkil qilindi. Xususan, Samarqand viloyati bojxonachilari tomonidan yurtdoshlarimizga bojxona nazoratidan o`tish tartib-qoidalari batafsil tushuntirildi.

Shunga qaramay, Sh.Ahrorov o`zining qing`ir niyatidan voz kechmadi. Milliy xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi va bojxona xodimlari tomonidan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbir davomida uning rejalari chippakka chiqdi.

Ushbu shaxsga tegishli bagajlar belgilangan tartibda ko`zdan kechirilganda, yuklar orasidagi quritilgan non bo`laklarining nazorat-rentgen apparatidagi shubhali tasvirlari bojxonachilarning diqqatini tortdi.

Shundan so`ng xolislar ishtirokida ushbu non bo`laklari sinchiklab tekshirilganda, ular ichiga xufiyona tarzda mohirlik bilan 2 dona polietilen o`ramlar joylashtirilganligi fosh etildi. Bundan tashqari bagajlardan birining tutqichlari orasiga ham xuddi shunday o`ram yashirilganligi aniqlandi. O`ramlar ochib ko`rilganda esa ular ichidagi modda salkam 72 gr. opiy ya`ni qoradori narkotik moddasi ekanligi aniqlandi.

Qonunbuzar shu bilan kifoyalanmagan ekan. Ko`zdan kechirish jarayonida bagajlardan birida yo`lovchi bojxona deklarasiyasida va bojxona xodimlarining og`zaki so`rovi paytida ma`lum qilinmagan 3800 AQSh dollari, qo`l sumkasida esa 422 AQSh dollari, shuningdek Janubiya Koreya, Malayziya, Ukraina, Qozog`iston, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Fillippin pul birliklari borligi aniqlandi.

Xolislar ishtirokida o`tkazilgan shaxsiy ko`rik davomida esa Sh.Ahrorov bojxonachilarni chalg`itishga urinib, chap oyog`idagi paypog`i ichiga ham 1500 AQSh dollarini yashirgancha olib chiqmoqchi bo`lganligi fosh bo`ldi.

Shu tariqa ushbu shaxs jami 24 mln. so`m ekvivalentdagi naqd xorijiy valyutalarni bojxona nazoratidan chetlab o`tib, olib chiqishga uringan ekan.

Iymon-e`tiqodini pulga alishgan, muborak Ka`ba ziyoratini tijorat safariga aylantirishga uringan Sh.Ahrorov bu qilmishining o`zi uchun mudhish oqibatlaridan o`z vaqtida xalos bo`lganini bilarmikan?

Boisi, agarda u giyohvandlik vositalarini Saudiya Arabistoniga olib kirish vaqtida fosh etilganida, ushbu mamlakat qonunchiligiga ko`ra o`lim jazosiga xukm qilinishi mumkin edi.

Nafaqat qonunchiligimiz, balki muqaddas dinimiz talablariga ham zid ish tutgan Shamshi Ahrorovning qilmishi ortidan Ona Vatanimiz sha`niga dog` tushishi, yurtimizdan borgan ziyoratchilarga nisbatan esa salbiy qarashlar shakllanishining oldi olindi.

Davlatimiz tomonidan ko`rsatilgan yuksak g`amxo`rlik va berilgan ulkan imkoniyatni suiste`mol qilgan Sh.Axrorovga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirda tergov va surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deya ma`lum qildi Davlat bojxona qo`mitasining axborot xizmati.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1