AsosiyJinoyat
4202

UChTEPA TUMANIDA O`G`RILIKKA QO`L URGAN ShAXSLAR QILMIShIGA YaRAShA JAZO OLDI

'UChTEPA TUMANIDA O`G`RILIKKA QO`L URGAN ShAXSLAR QILMIShIGA YaRAShA JAZO OLDI  'ning rasmi

...Bekorchilikdan zerikkan ikki yigit poytaxtimizning Ukkosha ko`chasida maqsadsiz kezib yurardi. Yo`l chetiga to`xtagan "Neksiya" ularning e`tiborini tortdi. Undan shoshib tushgan amakining mashina eshigini qulflamay do`konga kirib ketganini ko`rgach, ular o`ylab o`tirmay shu tomonga oshiqdi. Ular eshikni ochishi hamono mashina salonida turgan noutbuk va naqd pullarni qo`lga kiritib, juftakni rostlashdi, deya yozadi UzA.


Shu atrofda kuzatuv kameralari borligi ularning xayoliga ham kelmagandi. Hech qancha vaqt o`tmay, ular yashaydigan xonadonning eshiklarini ichki ishlar organi xodimi taqillatdi. Qilmish – qidirmish, deganlaridek, bu o`g`rilik ishi yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atildi.

Sudda jinoyat sodir etgan shaxslarning oilaviy ahvoli, mahalla va o`quv muassasasi kafilligi inobatga olinib, ularga jarima jazosi belgilandi. Birining voyaga etmagani inobatga olinib, unga jamoat tarbiyachisi tayinlandi.

– Har bir jinoyat ishiga nuqta qo`yilgach, bunga sabab bo`lgan omillarni aniqlash va ularni bartaraf etishga e`tibor qaratiladi, – deydi Jinoyat ishlari bo`yicha Uchtepa tumani sudi raisi Shamsiddin Tojiev. – Shu maqsadda davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligi yo`lga qo`yilgan.

Alohida e`tibor muqaddam sudlangan, spirtli ichimliklarni iste`mol qiluvchi shaxslar va farzand tarbiyasiga etarli e`tibor berilmayotgan notinch oilalarga qaratilmoqda. Tuman hokimi, prokurori, ichki ishlar va soliq idoralari rahbarlariga bo`lingan sektorlar bo`yicha tarkibiga fidoyi insonlar, sud-huquq idoralari xodimlari kiritilgan profilaktika guruhlari tuzildi. Ular mahalla raislari va profilaktika inspektorlari bilan birga xonadonlarga kirib, huquqbuzarlikka moyil shaxslar, tarbiyasi og`ir o`smirlar bilan suhbat o`tkazish bilan cheklanib qolmasdan, ishsiz odamlarni ishga, yoshlarni ta`lim muassasasiga joylashtirish, moddiy yordam ko`rsatish, sog`lomlashtirish va boshqa masalalarni aniqlab, tuman ishchi guruhi mas`ullari ko`magida hal qilishga erishmoqda.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida tumanda jinoyatlar soni kamaymoqda. Joriy yilda Hayratiy, Jarbuloq, Shaftolizor, Hojiobod va Zulfizar mahallalarida umuman jinoyat sodir etilmagan.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar