AsosiyJamiyat

“ShARQ TARONALARI” XI XALQARO MUSIQA FESTIVALI G`OLIBLARI ANIQLANDI

'“ShARQ TARONALARI” XI XALQARO MUSIQA FESTIVALI G`OLIBLARI ANIQLANDI'ning rasmi

Samarqand shahrida “Sharq taronalari” XI xalqaro musiqa festivali yakunlandi, deb yozadi O`zA.

25-30 avgust kunlari dunyo san`at ahlining bosh sahnasiga aylangan Registondagi amfiteatrda “Sharq taronalari” XI xalqaro musiqa festivali g`olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi.


Dastlab, faol jamoalar qator nominasiyalar bo`yicha taqdirlandi. YuNESKO, O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali direksiyasi, Samarqand viloyati va shahar hokimligi hamda boshqa tashkilotlarning maxsus mukofotlari topshirildi.

Sahnaga Eron, Indoneziya va Turkiyadan kelgan jamoalar taklif etildi. Ularga festivalning uchinchi darajali diplomlari topshirildi.

Ikkinchi o`ringa Qirg`iziston va Litvadan kelgan san`atkorlar sazovor bo`ldi.


Janubiy Koreyaning Geosong xalq qo`shiqlarini saqlash fondi jamoasi hamda mamlakatimiz vakili Mohichehra Shomurodova birinchi o`ringa munosib, deb topildi.

Nihoyat, hayajonli lahzalar. Hakamlar hay`ati xulosasiga ko`ra, “Sharq taronalari” XI xalqaro musiqa festivalining bosh sovrini – Gran-pri Ozarbayjon vakiliga berilgani ma`lum qilindi.

– Dunyo e`tirofidagi ushbu festivalda ishtirok etishning o`zi biz uchun katta sharaf bo`lganini ta`kidlamoqchiman, – deydi Gran-pri sohibi, Ozarbayjon Respublikasida xizmat ko`rsatgan artist Sohib Poshshozoda – “Sharq taronalari” bosh sovrinini qo`lga kiritishim esa tarixiy voqea bo`ldi. Hozir qalbimda kechayotgan hayajon, faxr-iftixorni so`z bilan ifodalash qiyin. Fursatdan foydalanib, ushbu festivalni tashkil etgan O`zbekiston rahbariyatiga, bizga juda katta hurmat ko`rsatgan san`atsevar o`zbek xalqiga minnatdorlik izhor etaman.

Marosimda yurtimiz san`at ustalari va yosh ijrochilar tomonidan konsert dasturi hamda “O`zbekiston madaniy merosi – umumbashariy boylik” deb nomlangan 3D proeksiya-musiqali yoritish tomoshasi namoyish etildi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar