Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan poytaxtimizning Bo`zsuv sohilida bunyod etilgan “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui xalqimiz, millatimiz ozodligi yo`lida qurbon bo`lgan, jonini fido qilgan vatandoshlarimiz xotirasiga ko`rsatilgan ulkan ehtiromning yorqin ifodasidir. Bugun ushbu yodgorlik majmuidan ziyoratchilar qadami uzilmaydi. Bu maskan nafaqat shahidlar yodini ifoda etadi, balki bugungi avlodni tabarruk Vatanimizni, mustaqillikni ko`z qorachig`idek asrab-avaylashga undaydi.
Bugun Qatag`on qurbonlari kuni munosabati bilan mazkur xiyobonda xalqimiz ozodligi va mustaqilligi yo`lida qurbon bo`lgan marhumlarni yod etish marosimi o`tkazildi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Marosimda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ishtirok etdi.
An`anaga ko`ra osh tortildi. Qur`on tilovat qilinib, qatag`on qurbonlari ruhiga hurmat bajo keltirildi.
Prezidentimiz O`zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, ulamolar, mahalla faollari va ziyolilar bilan suhbatlashdi.
Insondan uning qilgan ezgu amallari, ishlari qoladi. Bunga XX asr boshida xalqimiz orasidan etishib chiqqan Behbudiy, Munavvar qori, Fitrat, Cho`lpon, Qodiriy, Botu, Elbek, Usmon Nosir singari ko`plab ma`rifatparvarlarning kurashlarga yo`g`rilgan hayoti yorqin misoldir. Ularning yurtni ozod ko`rish orzusi, shu yo`lda amalga oshirgan ezgu ishlari istiqlol tufayli ro`yobga chiqdi. Bugun ozod va obod yurtimizda hech kimdan kam bo`lmagan, har jihatdan barkamol avlod voyaga etmoqda.
Yurtimizdagi ko`plab tarixiy obidalarning qayta tiklanishi, qadamjolarning obod bo`lishi mamlakatimiz Birinchi Prezidenti nomi va faoliyati bilan uzviy bog`liq.
Jumladan, Birinchi Prezidentimizning 2001 yil 1 maydagi “Qatag`on qurbonlarini yod etish kunini belgilash to`g`risida”gi farmoni asosida “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuida “Qatag`on qurbonlari xotirasi” muzeyi barpo etildi.
Muzey 2002 yil 31 avgust kuni – mamlakatda ilk bor nishonlangan Qatag`on qurbonlarini yod etish kunida tantanali ravishda ochildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev muzey eksponatlari bilan tanishdi.
Ajdodlarimizning Vatan tinchligi va ozodligi yo`lidagi kurashi bugungi kun yoshlari uchun ibrat maktabidir, dedi davlatimiz rahbari. Har bir viloyatda Qatag`on qurbonlari xotirasi muzeyining filiallarini tashkil qilishimiz kerak. Ular universitet va institutlar qoshida tashkil etilsa, ayni muddao bo`ladi. Qatag`on qurbonlari xotirasi bo`yicha maktab darsliklarida maxsus dastur asosida o`qitish tizimini ham ishlab chiqish zarur.
Shavkat Mirziyoev muzey yonidan oqib o`tuvchi Bo`zsuv kanali atrofini yanada obodonlashtirish bo`yicha mutasaddilarga ko`rsatmalar berdi.
– Bu erdagi muhit ijodkorlar uchun ilhom manbaidir. Shuning uchun Bo`zsuv kanali atrofida turli tadbirlar – maqom kechalari, yoshlar, nuroniylar va ziyolilarning uchrashuvlarini uyushtirish maqsadga muvofiq, – dedi Prezidentimiz.
Ma`lumotlarga ko`ra, yodgorlik majmui va muzey barpo etilgan joy XX asrning 20-yillaridan to Ikkinchi jahon urushi boshlanguniga qadar sobiq tuzum jazo organlariga qatlgoh bo`lib xizmat qilgan. Toshkent shahrida otilgan qatag`on qurbonlari shu erdagi uchta qatlgohga dafn etilgan. Yodgorlik majmui ana shu sobiq qatlgoh hududlarini o`zaro birlashtirib turadi. Agar ramziy sag`ana yodgorlik majmuining memorial markazi hisoblansa, muzey binosi uning ma`rifiy markazi bo`lib xizmat qiladi.