Qoraqalpog`iston Respublikasining Mo`ynoq tumanida
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi va O`zbekiston Yoshlar ittifoqi
hamkorligida yoshlar ilmiy ekspedisiyasi o`tkaziladi. Ekspedisiyaning
25 a`zosi 17-20 sentyabr kunlari Orolbo`yi
hududida istiqomat qilib, haqiqiy holat bilan yaqindan tanishadi.
Ekspedisiya davomida yosh olimlar (ekolog, shifokor, geolog, biolog),
gid-ekskursovodlar, yosh jurnalist va blogerlar guruhlariga bo`lingan holda
tegishli vazifalarni amalga oshiradilar. Yakunda har bir guruh tomonidan kelgusida
hudud rivoji uchun xizmat qiladigan loyiha yoki mahsulot taqdim etiladi. Har bir
guruhga tajribali ekspert hamrohlik qiladi.
Loyiha Orol fojiasining bugungi kundagi holatiga keng jamoatchilik e`tiborini
qaratish, biologiya, geologiya, ekologiya yo`nalishlarida ilmiy-tadqiqot olib
borayotgan yoshlarni qo`llab-quvvatlash va kasbga bo`lgan qiziqishlarini yanada
oshirishga qaratilgan. Shuningdek, ekspedisiya orqali hududga turistlar oqimi,
ayniqsa, yoshlar va ekstremal turizm yo`nalishlarida xorijlik mehmonlarni jalb
qilish ko`zda tutilgan.
Harakatlar strategiyasining “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”
Davlat dasturida Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etishning samarali yo`llarini
ishlab chiqish, ushbu hududda yuzaga kelgan ekologik muammolarni hal etishning
ta`sirchan mexanizmlarini yaratish va amalga oshirish singari tadbirlar
belgilangan.